«Meta» kompaniyasi delegatsiyasi davlat organlari va tashkilotlari matbuot kotiblari uchun seminar-trening o‘tkazdi

24.09.2022, 15:17

Bugun AOKA anjumanlar zalida «Meta» kompaniyasi delegatsiyasi vakillari Jorj Chen, Aurora Li va Doniyor Koshenov mamlakatimizdagi davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari uchun «Facebook», «Instagram» ijtimoiy tarmoqlarida rasmiy sahifalarini yuritish, verifikatsiyalash, sifatli kontentlar yaratish, auditoriya va obunachilar bilan ishlash, ko‘rishlar sonini oshirish, umuman olganda «Meta» kompaniyasi mahsulotlaridan unumli foydalanish kabi dolzarb masalalar bo‘yicha seminar-trening o‘tkazdi.

Delegasiya vakili Aurora Li «Facebook», «Instagram» ijtimoiy tarmoqlaridagi davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy sahifalarini ochish, shakllantirish bosqichidan boshlab eng ko‘p obunachilarga ega, ommabop manbaga aylantirishgacha bo‘lgan jarayon haqida taqdimot qilib, batafsil tushuntirish berdi.

Shuningdek, rasmiy sahifalarning soxta «dublikat»ini ajratish, foydalanuvchilarga ishonchli va xolis axborotlarni yetkazishda tasdiqlash belgisining ahamiyati hamda verifikatsiyani taqdim etish uchun mavjud mezonlar, nimalarga e’tibor qaratish lozimligi haqida ham atroflicha to‘xtaldi. Bu borada, ya’ni vazirlik va idoralarning rasmiy sahifalarini verifikasiyadan o‘tkazish bo‘yicha AOKA bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlarning ko‘lami, samaradorligi e’tirof etildi.

Aurora Li so‘zi davomida «Facebook» va «Instagram» ijtimoiy tarmoqlari orqali axborot uzatishda foydalanish mumkin bo‘lgan texnologik imkoniyatlar, afzalliklar haqida gapirib, kompaniya tomonidan ishlab chiqish jarayonida bo‘lgan yangi qulayliklar borasida ham ma’lumot berdi.

Taqdimot va ma’ruzadan so‘ng matbuot kotiblari faoliyati davomida duch kelgan vaziyatlar yuzasidan va o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollarga batafsil javob olishdi.

Seminar-trening davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyati natijadorligini yanada yaxshilash, «Facebook» va «Instagram» ijtimoiy tarmoqlarida davlat organlari, tashkilotlarining rasmiy sahifasini faol yuritish, matbuot kotiblarining sifatli va ommabop kontent yaratishlari uchun zarur bilim, tajriba, ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qildi.


Увеличить на0%