AOKA, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va YUNESKO hamkorligidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi

28.09.2022, 10:30

Bugun “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda YUNESKO hamkorligida tashkil etilgan “Sun’iy intellekt, elektron boshqaruv va axborot erkinligi” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Anjuman 28-sentabr – Xalqaro axborotdan erkin foydalanish kuni munosabati bilan tashkil etilgan bo‘lib, undan ko‘zlangan maqsad dunyo miqyosida axborot olish imkoniyatlarini kengaytirishda amalga oshirilayotgan ishlar tahlili, davlat organlarining ma’lumotlarni yetkazishda shaffoflik va ochiqlik siyosatiga rioya etishlari va sohada erishilayotgan muvaffaqiyatlar, yangiliklar taqdimoti bilan tanishtirishdan iborat.

Tadbir gibrid formatda bo‘lib o‘tadi. Unda mahalliy va xorijiy soha mutaxassislari va ekspertlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va axborot siyosati masalalari bo‘yicha mas’ul qo‘mita raislari, mutasaddi davlat organlari va tashkilotlari rahbariyatlari hamda matbuot kotiblari ishtirok etmoqda.

Shuningdek, tadbir jarayonlarini keng yoritish maqsadida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ham taklif etilgan.

Xalqaro konferensiya ertaga, 29-sentabr kuni ham soha yo‘nalishlari bo‘yicha bir nechta shoʻbalarda ishini davom ettiradi.

Bugun konferensiya doirasida tashkil etilgan tadbirda Toshkent deklarasiyasini qabul qilish ko‘zda tutilgan.



Увеличить на0%