Asadjon Xodjayev: "Tashkent Book Fest» — mutaxassislar va aholi uchun chinakam kitob bayramiga aylanishiga ishonaman"
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayevning “Tashkent Book Fest - 2022” III Toshkent Xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasining ochilish marosimidagi NUTQI:
— Assalomu alaykum hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Muhtaram mehmonlar, xonimlar va janoblar!
Avvalo, barchangizni mamlakatimizda uchinchi bor o‘tkazilayotgan “Tashkent Book Fest - 2022” III Toshkent Xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasida ko‘rib turganimizdan g‘oyatda mamnunmiz.
O‘zbekistonga xush kelibsiz!
Keyingi yillarda mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar barcha sohalarda o‘zining yuksak samaralarini berayotgani keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida ishlab chiqilgan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi mamlakatimizni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.
100 dan ortiq ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan Taraqqiyot strategiyasida ko‘plab sohalar qatorida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, xalqimizni yuqori sifatli kitob va bosma mahsulotlar bilan ta’minlashni tubdan yaxshilash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Bu haqda gapirganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining so‘nggi besh yil davomida mamlakatimizda noshirlik, adabiyot, kutubxona va kitobxonlik sohalarini rivojlantirishga qaratilgan 10 ga yaqin farmon, qaror va farmoyishlari, 2021-yil 26-noyabrda “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirda qabul qilinganini alohida ta’kidlab o‘tish o‘rinli bo‘ladi.
Sohaning me’yoriy-huquqiy bazasi mustahkamlanishi, davlat tomonidan noshirlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga zarur shart-sharoitlar yaratilgani o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda. Buni quyidagi raqamlarda ham ko‘rish mumkin.
2019-yilda respublikamizda 227 ta nashriyot faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni salkam 360 taga yetdi. Eng muhimi, bu nashriyotlarning 41 tasi davlat tasarrufidagi korxonalar bo‘lsa, qariyb 320 tasi xususiy tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli.
Matbaachilikdagi ko‘rsatkichlar ham sezilarli darajada oshdi. 2022-yilning 1-noyabr holatiga respublikamizdagi matbaa korxonalarining soni 1746 taga yetdi. Ularning 1660 ga yaqini xususiy korxonalar ekani, ayniqsa, quvonarli.
Nashriyot va matbaa korxonalari faoliyatining erkin raqobat asosida rivojlanishi aholining kitob va matbaa mahsulotlariga bo‘lgan extiyojini yanada to‘liqroq qondirishga xizmat qilmoqda.
Mamnuniyat bilan aytish kerakki, 2019-2022-yillarda ushbu nashriyotlar tomonidan 26 ming 754 nomdagi 132 mln.dan ortiq adabiyot va matbaa mahsulotlari nashr etildi.
Albatta, mamlakatimizda kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, kitob targ‘iboti orqali xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, nashriyot-matbaa sohasini qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirishda o‘tkazilayotgan milliy va xalqaro tanlovlar, ko‘rgazma-yarmarkalarning ahamiyati ham katta.
Shu ma’noda bugun to‘la ishonch bilan ayta olamizki, poytaxtimizda o‘tkazib kelinayotgan “Tashkent Book Fest - 2022” III Toshkent Xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi nafaqat soha mutaxassislari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bilan birga, noshirlik borasidagi xalqaro munosabatlarni mustahkamlash, tajriba almashish, yangi hamkorlar topish va faoliyat doirasini yanada kengaytirishda munosib o‘rnini topib bormoqda.
Buni uchinchi bor o‘tkazilayotgan “Tashkent Book Fest - 2022” III Toshkent Xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasida 100 dan ortiq mahalliy noshirlar va matbaa korxonalari bilan birgalikda Armaniston, Belarus, Buyuk Britaniya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya Federasiyasi, Tojikiston, Turkiya kabi 9 ta xorijiy davlatdan 47 ta yetakchi kompaniya, nashriyot va assosiasiya vakillari, shuningdek, vazirliklarning mas’ul xodimlari bo‘lgan jami 97 nafar xorijiy mutaxassislar ishtirok etayotganida ham ko‘rish mumkin.
Ishonamanki, ular tomonidan taqdim etilayotgan kitoblar va matbaa mahsulotlari, dizaynerlik ishlari, yangi kitoblar taqdimotlari, rassomlik san’ati namunalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otadi.
Shuningdek, ko‘rgazma-yarmarka doirasida bo‘lib o‘tadigan davra suhbatlari, seminar-trening va mahorat darslari, kitobxonlik tanlovlari, turli aksiya va madaniy-ma’rifiy dasturlar ishtirokchilarga manzur bo‘ladi.
Albatta, ko‘rgazma-yarmarkada eng yaxshi tashkilotchilarga beriladigan 2 ta, kitoblar yo‘nalishi bo‘yicha 5 ta nominasiya va bosh sovrin — Gran-prining g‘oliblarga taqdim etilishi ham tadbirning unutilmas voqeasi bo‘ladi.
Muhtaram do‘stlar, tadbir ishtirokchilari!
Fursatdan foydalanib, ushbu xalqaro ko‘rgazma-yarmarkani tashkil etish va o‘tkazishda Agentlik bilan yaqin hamkorlikda bo‘lgan, o‘zining amaliy yordamini ko‘rsatgan vazirlik va idoralarga, xususan, bosh hamkorimiz Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbariyatiga tashkiliy qo‘mita nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.
“Tashkent Book Fest - 2022” III Toshkent Xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasiga tashrif buyurgan mahalliy nashriyot-matbaa korxonalariga, xorijiy mehmonlarimizga va barcha ishtirokchilarga yana bir bor xush kelibsiz, deymiz.
Ko‘rgazma ishiga muvaffaqiyat tilayman. E’tiboringiz uchun rahmat!