«Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik bilan bogʻliq sud jarayonlarini yoritishda jurnalistlar malakasini oshirish» mavzusida seminar-trening oʻtkazildi

29.11.2022, 11:00

Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Oliy sud hamkorligida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun “Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik bilan bogʻliq sud jarayonlarini yoritishda jurnalistlar malakasini oshirish” mavzusida ikki kunlik seminar-trening boʻlib oʻtdi. 

Seminar-trening AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va East-West Management Institute NTT Oʻzbekistondagi filialining “Sud tizimini mustahkamlash” (JSSA) qoʻshma loyihasi doirasida tashkil etildi.

Tadbirdan koʻzlangan maqsad — gender zoʻravonlik bilan bogʻliq jarayonni yoritishda jurnalist va blogerlar bilimi, koʻnikmasini oshirish, sudlar faoliyati yoki muayyan sud ishini yoritishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni hal etish yuzasidan fikr almashishdan iborat.

Mashgʻulot davomida malakali va tajribali mutaxassislar gender zoʻravonligiga qarshi kurashda odil sudlovga erishishga doir huquqiy mezon, OAV va ijtimoiy tarmoqda gender zoʻravonligi masalasini yoritish amaliyoti tahlili, “nafrat tili”, milliy qonunchilikdagi zoʻravonlik tushunchalari va qonunni qoʻllashda vujudga keladigan muammolar yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.

Sadoqat Aslanova, AOKA boʻlim boshligʻi:

“Sir emas, soʻnggi vaqtda ijtimoiy tarmoqda xotin-qizlarning zoʻravonlikka yoki tahdidga uchrashi bilan bogʻliq maʼlumotlar tez-tez tarqalmoqda. Eng yomoni, bunday voqealar farzandlar koʻz oʻngida yuz berayotgan misollar ham uchrab turibdi. Afsusi koʻpincha jurnalist yoki bloger jarayonni yoritishda hodisaning oqibati haqida oʻylamayapti. Aksincha, shov-shuv koʻtarish, obunachi ortidan quvish, hissiyotga berilish ortidan insonning hayotiga, ruhiy dunyosiga tahdid solish holati kelib chiqishiga sabab boʻlib  qolyapti. Shu jihatdan bugungi tadbir hamkasblarimizning ayollar va bolalar huquqini himoya qilishga oid bilimi, koʻnikmalarini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli. 

Agentligimiz faoliyati davomida gender masalalari toʻgʻri yoritilishini tahlil qilish maqsadida doimiy monitoring olib boradi. Bugun OAVda, ijtimoiy tarmoqda ayollar, bolalar, umuman, inson shaʼni va qadr-qimmatiga daxl qilish, insoniylik omili, qonun bilan himoyalangan fuqarolik huquqi buzilishi holatlari ham yoʻq emas. Aslida, chop etilayotgan har qanday maqola, xabar yoki maʼlumot insonni yashashga, harakatlanishga, yaxshi hayot kechirib, boshqalarga oʻrnak boʻlishga undashi kerak”.

Seminarda ijtimoiy tarmoqda zoʻravonlikka qarshi samarali kurashish omillari, gender zoʻravonlik masalasi boʻyicha odil sudlovga erishishda OAV va jurnalistlar imkoniyati, ushbu mavzuni yoritishning axloqiy jihati, media makondagi mavjud gender qoliplarini bartaraf etish yoʻllari kabi dolzarb mavzular yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Увеличить на0%