O‘zbekistonning xorijiy diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan uchrashuv tashkil etildi

20.12.2022, 19:00

Bugun Tashqi ishlar vazirligida mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev hamda boshqa mas’ul mutasaddilar ishtirok etdi.

Uchrashuv doirasida so‘nggi yillarda respublikamizdagi demokratik o‘zgarishlar va axborot globallashuvi jarayonlariga mos ravishda Yangi O‘zbekistonning o‘z mukammal qiyofasi, yangicha media imijini yaratish ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.

Vladimir Norov milliy islohotlarni chet elda yoritish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, bu borada kelgusida elchilar oldida turgan asosiy vazifalar haqida so‘z yuritdi.

Asadjon Xodjayev o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbuslarini yetakchi xorijiy ommaviy axborot vositalarida ilgari surish masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, yurtimiz hayotidagi dolzarb voqealarni hamda mamlakatimiz rahbariyatining mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi tashabbuslarini yoritishga qaratilgan PR-tadbirlarni ishlab chiqish, xorijiy OAV bilan ijodiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish, xalqaro auditoriyani xolis, ayni paytda qiziqarli va tezkor ma’lumotlar, sifatli kontent bilan ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda konstruktiv va natijador sheriklik istiqbollari belgilandi.


Увеличить на0%