Korrupsiyaga qarshi barcha birdek kurashishi lozim

29.12.2022, 17:21

(Ushbu maqola “Isteʼmol madaniyati” gazetasining 2022-yil, 29-dekabrdagi 24-sonida chop etilgan)

Har bir mamlakatning eng asosiy dushmani, uning buguni va kelajagiga, taraqqiyotiga bolta uradigan illat bu – korrupsiyadir. Biz uzoq yillar davomida yurtimizda keng tomir otgan bu muammoni tan olmadik, u haqda yetarlicha gapirmadik, muhokama qilmadik, yo‘liga g‘ov bo‘lmadik. Buning oqibati esa jamiyatimizning har bir bo‘g‘inida o‘zini namoyon etib turibdi.

Ta'kidlash kerakki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi haqiqiy, ayovsiz kurash boshlandi. Oddiy xizmatchilardan tortib, rahbarlargacha qo‘lga olindi, tegishli javobgarlikka tortildi. Bu boradagi ishlar izchil davom etmoqda. Eng muhimi, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimli tus oldi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, har bir tashkilot va idorada komplaens-nazorat bo‘limlari tashkil etildi. Bularning hammasi – korrupsiyaga barham berishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishning eng asosiy shartlaridan biri bu – ochiqlik. Bu borada so‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining bir qator muhim hujjatlari qabul qilindi. Prezidentimizning “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta'minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilyapti.

Davlat organlarining ochiqligini ta'minlashda har bir tashkilotda yo‘lga qo‘yilgan axborot xizmatlari faoliyati muhim rol o‘ynaydi. O‘tgan 3 yilda Prezidentimizning tegishli qarori asosida davlat organlari bilan aholi o‘rtasida ishonchli muloqotni o‘rnatish uchun 380 ga yaqin davlat tashkilotida axborot xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Matbuot kotiblari faoliyati yuzasidan o‘tkaziladigan reyting baholash natijalari bo‘yicha so‘nggi uch yilda yuqori darajali matbuot kotiblarining soni 6 barobarga ortdi.

Bugun har bir tashkilot ochiqligi uchun axborot xizmati rahbari shaxsan javobgar etib belgilangan. Bu borada har bir matbuot kotibining mas'uliyati va tajribasini oshirish, bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, OAV va jamoatchilik bilan faol muloqotda bo‘lishiga ustuvor ahamiyat qaratyapmiz. Maqsad – odamlarning davlat organlariga bergan savollarini e'tiborsiz va javobsiz qoldirmaslik. Bunda bizga yil davomida maxsus media-reja asosida tashkil etilayotgan brifing, press-tur va matbuot anjumanlari yaqindan ko‘mak beryapti. Har yili, hududlar bilan hisoblaganda, o‘rtacha 8 ming atrofida tadbirlar o‘tkazilyapti.

Gap korrupsiyaga qarshi kurashish haqida ketar ekan, bu borada axborot sohasining ham muhim o‘rni bor ekanini alohida ta'kidlash o‘rinlidir. OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ri targ‘ibot va tashviqot olib borish juda muhim. Buning uchun esa, birinchi navbatda, Agentlik xodimlari, qolaversa, sohaga aloqador barcha mutaxassislar yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi talab etiladi.

Shu ma'noda, Agentligimizda har oyda xodimlar ishtirokida mavzuga doir maxsus o‘quv-seminarlar, mas'ul idoralar bilan hamkorlikda davra suhbatlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tadbirlarda korrupsiyaning paydo bo‘lish shakllari va o‘ziga xos jihatlari, sabablari, ijtimoiy jihatdan xavfli va zararli oqibatlari to‘g‘risida umumiy tasavvurni shakllantirish, amaldagi qonunchilik, umume'tirof etilgan etika va korrupsiyaga qarshi xulq-atvorning axloqiy qadriyatlariga rioya qilishga asoslangan xulq-atvor modelini shakllantirishga alohida e'tibor berilmoqda.

Bundan tashqari, xodimlarni amaldagi korrupsiyaga qarshi kurash tamoyillari, talablari va tartib-taomillari bilan tanishtirish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning kelib chiqishiga xizmat qiluvchi shart-sharoitlarni ajrata bilish hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini ko‘rishga ustuvor ahamiyat qaratilyapti.

Agentlik rasmiy veb-saytida Komplaens-nazorat rukni tashkil etilgan bo‘lib, unda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muhim normativ-huquqiy hujjatlar, targ‘ibot materiallari berib borilyapti.

Shu o‘rinda yana bir muhim jihatga to‘xtalmoqchiman. Bugungi axborot asrida jurnalistlarning korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatini shakllantirish, ularga zarur ma'lumotlarni taqdim etish, kerak bo‘lsa, ko‘nikma va malakalarini oshirish juda dolzarb ahamiyatga ega. Shuning uchun ham Agentlik tomonidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda barcha hududlarda OAV uchun maxsus tadbirlar tashkil etilyapti.

Seminarlarda jamiyatdagi korrupsiya muammolari va tahdidlarini yoritishda OAV salohiyati va berilayotgan materiallar sifatini oshirish, ushbu mavzudagi jurnalistik surishtiruvni ko‘paytirish, jurnalist va blogerlarning korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida materiallar tayyorlash borasidagi bilim, malaka va tajribasini oshirishga e'tibor qaratilyapti.

Ayrimlar korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina mas'ul idoralar yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi deb hisoblashadi. Aslida esa bu ish bilan barchamiz birdek shug‘ullanishimiz zarur. Zero, jamiyatimiz taraqqiyoti va farovonligi, qonun ustuvorligi uchun barchamiz birdek javobgarmiz.

Asadjon XODJAYEV,
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori

Увеличить на0%