Ochiqlik va shaffoflik – korrupsiyaga qarshi kurashishning eng muhim shartidir

07.01.2023, 16:42

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tashkilot va uning hududiy boshqarmalarida korrupsiya holatlarining oldini olish, unga qarshi kurashish hamda xodimlarning bu boradagi bilim va koʻnikmalarini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada korrupsiyaga qarshi kurashishga oid Prezident Farmon va Qarorlari muhim dasturilamal boʻlmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan Davlat dasturi”da Agentlikka yuklatilgan vazifalar ijrosi yuzasidan Chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan va ularning ijrosi taʼminlanmoqda.

Mazkur dasturga asosan joriy yil “9-dekabr - Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” doirasida keng koʻlamli “Antikorrupsiya haftaligi”ni oʻtkazish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda Media-reja ishlab chiqildi va tadbirlarni keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha ishlar samarali amalga oshirildi. Haftalik doirasida tashkil etilgan tadbirlarda Agentlik vakillarining faol ishtiroki taʼminlandi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda turli formatlardagi eshittirish, koʻrsatuv, maqolalar va boshqa axborot materiallarini eʼlon qilish hamda tele va radiokanallarda turli formatlardagi ijtimoiy roliklar va eshittirishlarni tayyorlash va namoyish etish boʻyicha media reja ishlab chiqildi. Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda “Korrupsiyaga oid xabarlarni koʻrib chiqish va jamoatchilikka maʼlumot berish tartibi toʻgʻrisida”gi Reglament ham ishlab chiqildi.

Oʻzbekiston Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Agentlik rahbarining buyrugʻi qabul qilindi va ushbu buyruq ilovasi bilan Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish choralari, masʼul xodimlar, amalga oshirish mexanizmi va muddatlarini oʻz ichiga olgan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha dasturi tasdiqlandi.

Dasturga koʻra, Agentlikda korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish boʻyicha ishlar tizimli ravishda olib borilyapti.

“Davlat boshqaruv sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Agentlik direktorinig buyrugʻi qabul qilindi. Unda Agentlik va uning tarkibiy tuzilmalarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholashni yoʻlga qoʻyish hamda  korrupsiyaviy xavf-xatarlarni qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, inson omilini qisqartirish va tegishli tartib-taomillar va funksiyalarni raqamlashtirish, shaffoflikni taʼminlash, jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish orqali bartaraf etish belgilangan. Shuningdek, Agentlik va uning tarkibiy tuzilmalarida kadrlar bilan ishlash yoʻnalishidagi byurokratik toʻsiqlarni, korrupsiyaviy xavf-xatarlar va inson omilini qisqartirishga qaratilgan avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish ishlari boshlandi.

Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik — muhim vazifa

Agentlikda manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash, uning oldini olish va tartibga solishning tashkiliy-huquqiy asoslari “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalari agentligi va uning tarkibiy tuzilmalari xodimlarida manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish boʻyicha Nizomi”da belgilab qoʻyilgan.

Unga koʻra, Agentlik va uning tarkibiy tuzilmalari xodimlari har yili 15-fevralga qadar manfaatlar toʻqnashuvining mavjud yoki mavjud emasligi haqidagi savolnomani toʻldirib Kadrlar boʻlimiga taqdim etadi. Kadrlar boʻlimi esa ushbu savolnomani 10-martga qadar oʻrganib chiqib, Agentlik rahbariyatiga tegishli xulosa beradi. Manfaatlar toʻqnashuvi holatlari aniqlangan taqdirda, Odob-ahloq komissiyasida uni bartaraf etish yuzasidan choralar koʻrish yoʻlga qoʻyilgan.

Korrupsiyaga qarshi qoidalar shartnomalarga kiritiladi

Oʻzbekiston Prezidentining 2021-yil 14-sentyabrda qabul qilingan “Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida 2022-yil 1-yanvardan boshlab, Agentlikning xarid jarayonlari doirasida shartnomaviy munosabatlarga kirishishni rejalashtirayotgan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxslar bilan tuzilayotgan shartnomalarda majburiy ravishda korrupsiyaga qarshi qoʻshimcha shartlar belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Agentlikning 2022-yil 31-martdagi “Mehnat shartnomasi va arizalarni namunaviy shakllarini tasdiqlash hamda muhr va shtamplardan foydalanishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 64-son buyrugʻi bilan Agentlik va uning tarkibiy tuzilmalari xodimlari bilan tuziladigan mehnat shartnomasining namunaviy shakli tasdiqlangan. Shartnomada xodimlarga korrupsiyaga qarshi qoʻshimcha majburiyatlar koʻrsatib oʻtilgan.

Ochiqlik – ishga qabul qilish tanlovining asosiy prinsipi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining tegishli buyrugʻiga koʻra, boʻsh ish oʻrinlariga ishga qabul qilish ochiq tanlov asosida amalga oshirilmoqda. Tanlov doirasida oʻtkaziladigan sinov tadbirlari Internet tarmogʻi orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etilgan. Yaʼni, nomzodlar bilan suhbat Agentlik rasmiy sahifalari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri efirga berilyapti. Bu — tanlovning ochiqlik va shaffoflik tamoyili asosida oʻtishining eng muhim shartlaridan biridir.

Shuningdek, Agentlikdagi vakant lavozimlarga nomzodlar orasidan yetarli bilim va tajribaga ega, halol, puxta, xolis kadrlarni tanlov asosida saralab olish va ular bilan mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish maqsadida, nomzodlarga qoʻyilayotgan talablar haqida Agentlik rasmiy veb-saytida toʻliq maʼlumotlar doimiy ravishda berib borilmoqda.

Koʻp bilgan kam xato qiladi

Agentlikda korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik, xodimlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida xodimlarining etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida oʻqitilishi muntazam tashkil qilinyapti.

Agentlikning barcha xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi umumiy oʻqitish dasturi ishlab chiqilgan boʻlib, mavzular yuzasidan seminar, treninglar oʻtkazib kelinmoqda. Xususan, 2022-yilning oʻzida xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasida malaka va bilimlarini oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va boshqa mutasaddi idoralardan masʼul xodimlarni taklif qilgan holda mavzuga oid 6 ta seminar oʻtkazildi.

Agentlikning korrupsiyaga qarshi ichki (komplayens) nazorat tuzilmasi xodimlari Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi oʻtkazgan seminar-treninglarda ishtirok etib, tegishli sertifikatga ega boʻlishdi. Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul boʻlgan 17 nafar xodim Bosh prokuratura Akademiyasida tashkil etilgan onlayn maxsus oʻquv kursida qatnashdi va muvofiqlik sertifikatini qoʻlga kiritishdi.

Bundan tashqari, 1213 qisqa raqamli “Call-Center” hamda (71) 244 23 34 raqamli “Ishonch telefoni” ham korrupsiyaviy xatti-harakatlar toʻgʻrisidagi axborotlarni oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, Agentlik tomonidan jamiyatda, xususan, tashkilot va uning hududiy boshqarmalarida korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, xodimlarda bu boʻyicha faol dunyoqarash va mustahkam fuqarolik nuqtai nazarini shakllantiradigan chora-tadbirlar, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining maqsadi, vazifalari va natijalari haqida tezkor, xolis va toʻliq axborot yetkazish yuzasidan keng qamrovli ishlar davom ettirilmoqda.

Увеличить на0%