Tuman va shahar hokimligiga nomzodlarning boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘quv-seminari o‘tkazildi

13.01.2023, 17:00

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tuman va shahar hokimligiga nomzodlarning boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha 12-yanvar kuni o‘z ishini boshlagan maxsus o‘quv-seminarining navbatdagi mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.

Seminarda qator davlat idoralari, vazirlik va qo‘mitalar rahbariyati, mas’ul mutasaddilari, shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev ham ishtirok etdi.

AOKA rahbari "OAV bilan ishlash, rahbar kadrning media savodxonligi" mavzusida ma’ruza qildi. Xususan, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ochiqligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish madaniyati, ijtimoiy tarmoqlar bilan tizimli ishlash, axborot xurujlariga o‘z vaqtida javob qaytarish, inqirozli holatlarni tezkorlik bilan boshqarish usullari, axborot muhitida ijobiy imijni yaratish, raqamli texnologiyalar yordamida lavhalar tayyorlash orqali hokimlik rasmiy axborot manbalarini boyitib borish hamda sohaga doir boshqa ko‘nikmalar bo‘yicha ko‘rgazmali materiallar orqali batafsil ma’lumot berildi.

Trening davomida tinglovchilar duch kelishlari mumkin bo‘lgan, shuningdek, qonunchilik borasidagi o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Seminar ertaga, 14-yanvar kuni ham o‘z ishini davom ettiradi.


Увеличить на0%