7 fevral – "Xalqaro xavfsiz Internet kuni" munosabati bilan davra suhbati o‘tkazildi

07.02.2023, 20:00

Bugun Toshkent shahridagi Vestminstr universitetida Oliy Majlis huzuridagi Yoshlar parlament a’zolari, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari hamda Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitalari va bir qator mutasaddi davlat organlari, tashkilotlar, jumladan, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi mas’ul xodimlari ishtirokida "Xalqaro xavfsiz internet kuni" munosabati bilan davra suhbati tashkil etildi.


Davra suhbatida Internetda turli axborotlar oqimidan to‘g‘ri foydalanish, feyk yoki dezinformasiyalardan himoyalanish, veb-makon imkoniyatlarini bilim egallash yoki malaka ko‘nikmasini oshirishga yo‘naltirish, xavfsizlik prinsiplari va mezonlarini anglash kabi bir qator sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.


Xususan, AOKA mas’ul xodimi Sh.Axtamov yoshlarni Internet tarmog‘idagi zararli axborotlardan himoya qilish borasida Agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar borasida ma’lumot berdi.


Shuningdek, yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish, mediasavodxonlikni oshirish borasida bir qator qonunlar, hukumat qarorlari va davlat dasturlari qabul qilingani va ijrosi ta’minlanayotganligi ta’kidlandi.


Davra suhbati so‘ngida bu kabi tadbirlar Internetda yoshlar uchun foydali bo‘lgan milliy kontentni yaratishda, xavfsiz axborot bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi aytib o‘tildi. Shunga ko‘ra, an’anaviy tarzda "Xalqaro xavfsiz Internet kuni"da mutasaddilar ishtirokida muloqotni yo‘lga qo‘yishga kelishildi.

Увеличить на0%