15-fevraldan 15-martga qadar an’anaviy "Kontrafaktsiz oy"ligi o‘tkaziladi

15.02.2023, 18:18

Bugun Intellektual mulk departamentida Adliya vazirligi, mutasaddi tashkilotlar, shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mas’ul xodimlari ishtirokida har yili respublika bo‘ylab o‘tkaziladigan kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasiga qarshi kurashishni ko‘zda tutuvchi “Kontrafaktsiz oy"ga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda mazkur oylik davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar hamda o‘tgan yillarda erishilgan ijobiy o‘zgarishlar sarhisobi muhokama qilindi.

Xususan, aholining konrafakt mahsulotni aslidan farqlash ko‘nikmasini shakllantirish, ishlab chiqaruvchi, sotuvchilar orasida noqonuniy harakatlar uchun javobgarlik muqarrarligi bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, “plagiatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbirlar rejasi taklif etildi.

Qayd etilishicha, 2021-2022-yillarda respublika miqyosida o‘tkazilgan “Kontrafaktsiz oy” oyligi davomida 3000 xildagi kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasi aniqlangan.

Tadbirda, shuningdek, kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasi borasidagi huquqbuzarliklarga nisbatan ta’sir choralarni qo‘llash bo‘yicha ham bir qator tadbirlar rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

Uchrashuv so‘ngida mutasaddilar "Kontrafaktsiz oy" mahsuldor va samarali o‘tkazilishi uchun har tomonlama imkoniyatlarni ishga solgan holda sa’y-harakatlarni amalga oshirish lozimligi ta’kidlandi.


Увеличить на0%