AOKA Ichki audit xizmati tomonidan qator Axborot-kutubxona markazlarida joriy o‘rganishlar olib borildi

15.02.2023, 12:00

AOKA Ichki audit xizmati tomonidan “Davlat auditi” dasturiy kompleksida ro‘yxatdan o‘tgan joriy yilning “Yillik ish reja”siga asosan Andijon, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahridagi jami 23 ta axborot-kutubxona markazida “Joriy nazorat tadbir”lari o‘tkazildi.

Shuningdek, “Kameral nazorat” (masofadan turib “UzASBO” va boshqa dasturiy majmualardan foydalangan holda kameral nazorat tartibida o‘rganishlar) tadbirlarida aniqlangan shubhali holatlarga aniqlik kiritish maqsadida rejadan tashqari Qashqadaryo va Namangan viloyatlaridagi 8 ta AKMda hamda fuqaro murojaatiga asosan Samarqand viloyati AOKBda “Joriy nazorat tadbiri” o‘tkazildi.

Joriy yil 13-fevral kuni o‘rganishlar natijasi tahlili yuzasidan Toshkent shahridagi «Bilim» axborot-kutubxona markazida tuman axborot-kutubxona markazlari rahbarlari va bosh hisobchilari uchun «Boshqaruvni samarali tashkil etish asoslari» mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish bo‘lim boshlig‘i Q.Tursunov, Reja-moliya bo‘limi boshlig‘i A.Raxmonov, Ichki audit xizmati boshlig‘i A.Salomov, Milliy kutubxona direktor o‘rinbosari S.Jampo‘latovlar ishtirok etdilar.

Tadbirda aholiga kutubxona xizmati ko‘rsatishning sifat darajasini oshirish, xodimlarga ustamalar belgilash, yaxshi faoliyat olib borayotgan xodimlarni rag‘batlantirish ishlarini o‘rnatilgan tartibda amalga oshirish borasida nazariy tushunchalar berildi.

Shuningdek, mavjud muammolar yechimi va kelgusida ularning oldini olishga qaratilgan takliflar bildirildi.

Seminar yakunida aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish va tuzatish borasida Agentlik mutasaddilari tomonidan tegishli ko‘rsatmalar berildi va vazifalar yuklandi.

Увеличить на0%