O‘zbekiston XXX Minsk xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasida ishtirok etmoqda

24.03.2023, 08:43

Joriy yil 22-26 mart kunlari Belarus poytaxti Minsk shahrida "Chegaralarsiz kitob olami" XXX Minsk xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.


An’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan nufuzli kitob ko‘rgazma-yarmarkasida bu yil 20dan ortiq mamlakatdan kitob savdo, matbaa korxonasi, nashriyotlar, shu jumladan, mamlakatimiz vakili sifatida nashriyot va kitob savdo tashkiloti mutasaddilari, Belarus davlatining 52 ta nashriyoti ishtirok etmoqda.


XXX Minsk xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasida yurtimizdan 10 ga yaqin nashriyotning turli janr va yo‘nalishdagi 100 dan ortiq kitobi namoyish etilmoqda.


Tadbirning ochilish marosimida Belorus Prezidenti Administrasiyasi birinchi o‘rinbosari Maksim Rijenkov so‘zga chiqib, ishtirokchilarni qutladi va kitobxonlik madaniyati hamda mutolaa targ‘ibotida qo‘shayotgan hissalari uchun alohida minnatdorchilik bildirdi. 


Xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkalari nafaqat turli millat, xalqlar do‘stligini mustahkamlashda, balki kitob olamidagi yangiliklar, yangi nashrlar, zamon yozuvchilari va shoirlari, tarixni o‘rganishda, tajriba almashishda muhim ahamiyatga ega.


Eslatib o‘tamiz, XXX Minsk xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi 26 martga qadar davom etadi.

Увеличить на0%