Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari uchun seminar-treninglar davom etmoqda

24.03.2023, 19:37

Joriy yil boshidan buyon Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi davlat organlari va tashkilotlar, idoralar, mahalliy hokimliklar axborot xizmati faoliyatini tubdan yaxshilash, matbuot kotiblarining ishini zamon talablariga muvofiqlashtirish maqsadida soha mutaxassislari, faxriylar ishtirokida qator seminar-treninglar o‘tkazib kelmoqda.


Bugun AOKA va Strategik islohotlar agentligi hamkorligi hamda jurnalistika va kommunikasiyalar bo‘yicha xalqaro ekspert Jonatan Charlz ishtirokida axborot xizmatlari rahbarlari uchun mahorat kursi va trening mashg‘uloti tashkil etildi.


O‘quv kursida xalqaro ekspert matbuot kotiblarining kommunikasiyalar strategiyasi va idoralararo muloqotni muvofiqlashtirish borasida batafsil tushuncha berdi.

– Kuzatishlarimda, aksariyat matbuot kotiblari ish faoliyatida ustuvorlikni ommaviy axborot vositalari bilash muloqot qilish, ular orqali jamoatchilikka axborot yetkazishga qaratishadi. Aniqroq aytganda, OAV va tashkiloti o‘rtasida bevosita bog‘lovchi "ko‘prik" ekanligi asosiy tamoyilga aylangan. Axborot xizmati rahbari, shu bilan birga kuchli marketolog bo‘lishi lozim. Siz o‘zingizni ishlayotgan tashkilotingizning marketologi sifatida baholang. Sizga tegishli bo‘lgan funksiya va vakolatlar borasida rahbaringizning chinakam maslahatchisi bo‘lishingiz lozim,- dedi J.Charlz nutqi davomida.


Shuningdek, Jonatan Charlz har bir matbuot kotibi aniq maqsadli, manzilli strategiya ishlab chiqishi, u faoliyat yuritayotgan davlat organi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, islohotlar "inson manfaatlari uchun" tamoyiliga asoslanganini konkret ko‘rsatib bera olishi, axborotlarni ochiq va shaffof tarzda yetkaza olishi, bunda mavjud barcha axborot resurslaridan samarali foydalana olishi kerakligini ta’kidladi.


Xalqaro ekspert so‘zi davomida O‘zbekistonda olib borgan tadqiqotlari va o‘rganishlarida davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatlarida kuzatilgan kamchiliklar va muammolar borasida ham to‘xtalib o‘tdi va ularning yechimi sifatida takliflarini bildirdi.


Seminar trening so‘ngida matbuot kotiblari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha Jonatan Charlz mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi. Tadbir axborot xizmatlari rahbarlari faoliyati uchun samarali va mazmunli o‘tdi.


Увеличить на0%