2022 yilda xotin-qizlar manfaatlari himoyasining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida 27 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan

12.05.2023, 14:28

Kecha, 11 may kuni Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.


Yig‘ilishda oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yana-da jadallashtirish yuzasidan qabul qilingan Prezident farmon va qarorlari, shuningdek, 2022/2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotidagi faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dasturda belgilangan vazifalar ijrosining amalga oshirilishi muhokama qilindi.


Tadbirda so‘zga chiqqan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandliklarini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning manfaatlarini himoya qilish, turli zo‘ravonliklardan asrash va boshqa dolzarb masalalarning huquqiy va institusional yechimlari yo‘lida muhim choralar ko‘rilayotganini ta’kidladi.


Qayd etilishicha, 2022 yilda ushbu yo‘nalishdagi huquqiy asoslarni mustahkamlash maqsadida 27 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, ijroga qaratildi.


Majlisda, shuningdek, Respublika komissiyasi tomonidan kelgusida amalga oshiriladigan ishlar ham muhokama qilindi.


Xususan, korxona, tashkilot va muassasalarda gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahat kengashlarini tuzish, ularning mutaxassislarini o‘qitish, xotin-qizlarni kasbga o‘qitish, bandligini ta’minlash, mehnat joylarida ayollar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, hududlarning o‘sish drayverlaridan kelib chiqib, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish vazifalari belgilab olindi.


Увеличить на0%