AOKAda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

17.05.2023, 16:03

Bugun Agentlikda direktor A.Xodjayev va mutasaddilar Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi delegatsiyasi vakillari: Saylov departamenti rahbari Megan Fisdjerald va DIIHBning saylov bo‘yicha maslahatchisi Kseniya Dashusina bilan uchrashdi.


Uchrashuvda joriy yilda o‘tkaziladigan O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik masalalari, jarayonlarni yoritishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni va roli, shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitusiyada  OAV erkinligi hamda  axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari mustahkamlangandan so‘ng mamlakatda OAV va axborot borasidagi qonunchiliklarga kiritiladigan o‘zgarishlar muhokama qilindi.


AOKA direktori A.Xodjayev delegatsiya vakillariga Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan, jamoatchilik muhokamasida bildirilgan takliflar asosida tegishli davlat organlari va idoralari ishtirokida qayta to‘ldirilgan hamda hozirgi vaqtda YUNESKO ekspertlari o‘rganib chiqishlari uchun taqdim etilgan Axborot kodeksi loyihasi haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, Axborot kodeksida OAV erkinligi bilan bog‘liq normalar mustahkamlanayotgani, shu bilan birga, shaxs erkinligi va shaxsiy ma’lumotlar himoyalanishi bilan bog‘liq masalalar kodeksda aniq belgilanayotganini ta’kidladi.


Saylovga tayyorgarlik ishlari va uni o‘tkazish, saylov kampaniyalarini yoritishda mahalliy ommaviy axborot vositalari barcha prezidentlikka nomzodlarning faoliyatlari va saylov dasturlarini bir xillikda va teng yoritishlari ta’minlanishi alohida qayd etildi.


Muloqot davomida O‘zbekistondagi muhim siyosiy voqeliklardan biri – Prezident saylovini shaffof va xolis o‘tkazishda saylov kampaniyalarini tashkil etish, xalqaro va mahalliy ommaviy axborot vositalari tomonidan saylovga tayyorgarlik va uni o‘tkazish jarayonlari keng yoritilishida barcha zarur sharoitlarni yaratish maqsadida o‘zaro hamkorlik qilish va ko‘maklashishga kelishildi.


Увеличить на0%