45 nafar soha fidoyisi “Axborot va kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

24.05.2023, 21:14

Bugun Buxoro shahridagi Yoshlar ijod markazida "Central Asia – 2023: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda Internet va axborot-kutubxona resurslari” XVI Xalqaro konferensiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.


Konferensiyada Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Armaniston, Turkiya, Belorus, AQSH, Rossiya, Tojikiston davlatlaridan 60 dan ziyod hamda mamlakatimizdan 400 ga yaqin arxiviarus, axborot-kutubxona rahbarlari va xodimlari, shuningdek, boshqa mutasaddi soha vakillari ishtirok etdi.


Bundan tashqari, Niderlandiya va Litva davlatlaridan ham onlayn tarzda ishtirokchilar qatnashdi.


Xalqaro konferensiyani Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori A.Xodjayev ochib berdi hamda barcha qatnashchilarni chin ma’nodagi ma’rifat bayramida ishtiroklari bilan qutladi. 


– Bilim, ta’lim, mutolaa va kitoblar orqali intellektual kapitalni shakllantirmasdan davlat taraqqiyotiga erishib bo‘lmaydi. Bugun axborot-kommunikasiya texnologiyalarining jadal o‘sishiga qaramay, aynan kitob va mutolaa jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy rivojlanishining bosh mezoni hisoblanadi. Global axborot jamiyati va tezkor ijtimoiy o‘zgarishlar davrida kitobxonlik doimgidanda muhimroqdir, - dedi Agentlik direktori nutqi davomida.

"Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan "5 tashabbus" doirasidagi loyihalar, bugungi kunda "Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi" hamda "Kitobsevar millat" umummilliy g‘oya ijrosi doirasida davom ettirilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi huzurida 14 ta hududiy va 186 ta tuman (shahar) kutubxonasini birlashtirgan yagona ommaviy kutubxonalar tarmog‘i tashkil etildi. Shuningdek, "Milliy umumta’lim elektron kutubxona" loyihasi ishga tushirilgan bo‘lib, unda 1-bosqichda 20 ta, ikkinchi bosqichda 200 ta respublika kutubxonasining elektron hamkorligi amalga oshiriladi, - dedi A.Xodjayev. 


 XVI Xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida, shuningdek, Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov ham so‘zga chiqib, tarixiy go‘sha – azim Buxoro shahrida ushbu muhim ahamiyatli xalqaro konferensiyaning o‘tkazilayotganidan mamnunligini ta’kidladi va 3 kun davomida ishtirokchilarning samarali muloqotlari yo‘lga qo‘yilish uchun Buxoro hokimligi ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.


Shu bilan qatorda, Rossiya davlat kutubxonasi bosh direktori, Kutubxonalar assosiasiyasi va muassasalari xalqaro federasiyasi prezidenti, Ozarbayjon, Tojikiston davlatlari milliy kutubxonasi direktorlari, Kutubxonalar uchun elektron axborot xalqaro konsorsiumi direktori va qator mutasaddilar ham so‘zga chiqishdi.


Ochilish marosimida O‘zbekiston axborot-kutubxona sohasida uzoq yillar davomida samarali faoliyat yuritgan, yosh salohiyatli kadrlar tayyorlashda munosib hissa qo‘shgan hamda milliy-madaniy me’rosimizni avaylab-asrashdagi yuqori xizmatlari uchun 45 nafar fidoyi xodim “Axborot va kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.


Kunning ikkinchi yarmida xorijiy soha mutaxassislari axborot-kutubxona rivojidagi tajribalari haqida taqdimotlar qilishdi. 


Eslatib o‘tamiz, "Central Asia – 2023: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda Internet va axborot-kutubxona resurslari” XVI Xalqaro konferensiya 26 mayga qadar davom etadi.

Увеличить на0%