Rossiya milliy kutubxonasi va Buxoro shahri axborot-kutubxona markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi

23.05.2023, 22:05

Joriy yil 24–26-may kunlari Buxoro shahrida an’anaviy “Central Asia – 2023: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda Internet va axborot-kutubxona resurslari” XVI Xalqaro konferensiyasi va "Kitob va mutolaa jamiyat taraqqiyotidagi strategik resursi" II Hamdo‘stlik forumi bo‘lib o‘tishi ma’lum qilingan edi.


 Bugun Abu Ali ibn Sino Axborot-kutubxona markazida ushbu tadbirlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda arxivariuslar, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, shuningdek, hududiy axborot-kutubxonalar rahbarlari va xodimlari, mahalliy OAV vakillari, xorijiy soha mutasaddilari ishtirok etdi.


Matbuot anjumanida Ozarbayjon Milliy kutubxonasi direktori Kerim Taxirov, Nazarboyev universiteti kutubxonasi direktori o‘rinbosari Pyotr Lapo, Rossiya Milliy kutubxonasi bosh direktori Vladimir Gronskiy so‘zga chiqib, Xalqaro konferensiya va Hamdo‘stlik forumining axborot-kutubxona, arxiv ishi hamda nashriyotlar faoliyatini yanada rivojlantirishdagi ahamiyati, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishda o‘zaro hamkorlikni kengaytirishda zaruriy maydon ekanligini ta’kidlashdi.


Anjuman doirasida Rossiya Milliy kutubxonasi va Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro axborot-kutubxona markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.


Shuningdek, Rossiya milliy kutubxonasi fondida saqlanayotgan Buxoro amirligi tarixiga oid adabiyotlarning elektron versiyasi Buxoro AKMga sovg‘a qilindi hamda Xalqaro konferensiya doirasida ushbu adabiyotlarning taqdimoti bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi.


Eslatib o‘tamiz, ertaga  “Central Asia – 2023: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda Internet va axborot-kutubxona resurslari” XVI Xalqaro konferensiyasi ertaga o‘z ishini boshlaydi. 

Konferensiyaning 1-ish kunida “Axborot va kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Увеличить на0%