Gʻafur Gʻulom bog‘ida Bolalar kitob festivalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

01.06.2023, 21:06

Joriy yilning 1-3 iyun kunlari AOKA va mutasaddi tashkilotlar hamkorligida "Kitobsevar millat" shiori ostida "Bolalar kitob festivali" o‘tkazilishi xabar qilingan edi. 


Gʻafur Gʻulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan kitob festivalining ochilish marosimi va bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda AOKA mas’ul xodimlari, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Respublika Bolalar kutubxonasi rahbarlari, mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.


O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori U.Teshaboyeva bolalarni bayram bilan qutlab, ularning bilimli, har tomonlama yetuk bo‘lib voyaga yetishlari uchun davlatimiz tomonidan juda ko‘plab imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidladi. Xususan, bolalar adabiyotlari nashrini oshirish, xorijiy bolalar yozuvchilarining asarlarini tarjima qilish va kitobsevar bolajonlarga mutolaa uchun taqdim etish choralari kengaytirilayotganini qayd etdi.


Shuningdek, Respublika Bolalar kutubxonasi direktori D.O‘rolov ham so‘zga chiqib, kutubxona markazida bolalarning mahalliy va xorij adabiyotlari bilan tanishish uchun barcha sharoitlar mavjudligini aytdi.


Festivalda mehribonlik uylari, oilaviy bolalar uylari, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida maxsus kitob aksiyalari o‘tkazildi va g‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.


Eslatib o‘tamiz, "Bolalar kitob festivali" 3 iyunga qadar davom etadi.


Увеличить на0%