AOKA mutasaddilari rahbarligida O‘zbekiston delegatsiyasi «8-xalqaro Istanbul noshirlik kasbiy uchrashuvlari»da ishtirok etdi

08.06.2023, 21:01

6-8 iyun kunlari Istanbulda «8-xalqaro Istanbul noshirlik kasbiy uchrashuvlari» bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 66  ta davlatdan 410 nafardan ziyod noshir va mutaxassislar, jumladan, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assosiatsiyasi rahbar va mas’ul xodimlari hamda 10 dan ortiq nashriyot-matbaa korxona vakillari ishtirok etdi.


Ta’kidlash lozimki, o‘tgan yilda bo‘lib o‘tgan «7-xalqaro Istanbul noshirlik kasbiy uchrashuvlari»da joriy yilgi tadbirda O‘zbekiston alohida e’tibor qaratilgan davlat sifatida tanlangani rasman e’lon qilingan edi.


Shunga ko‘ra, bu yilgi anjuman doirasida mamlakatimiz noshirlari va hunarmandlari tomonidan kitoblar ko‘rgazmalari, o‘zbek milliy hunarmandchilik, kulolchilik buyumlari namoyishlari tashkil etildi.

Shuningdek, Agentlik mas’ul xodimlari, O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assosiasiyasi, nashriyot-matbaa korxonalari vakillari Istanbulga safar davomida “Mega Basim” matbaa korxonasi faoliyati bilan tanishdi. 


Ma’lumot uchun:  “Mega Basim” matbaa korxonasi 1991 yilda tashkil etilgan Turkiyadagi eng katta matbaa korxonalaridan biri bo‘lib, bugungi kunda dunyoning 30 dan ortiq xorijiy mamlakatlari bilan hamkorlikda ish olib boradi.


Istanbuldagi muloqotlar jahon noshirlik va poligrafiya sanoati tajribasini o‘rganish, yetakchi nashriyotlarning eng yaxshi zamonaviy kitoblar to‘plamini o‘quvchilar va xaridorlarga yetkazish, kitob mahsulotlarini yangi texnologiyalar asosida ishlab chiqarish va tarqatishga doir istiqbolli vazifalarni belgilash hamda xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Увеличить на0%