“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 105 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “O‘zbekiston ovozi” gazetasi 105 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda AOKA mutasaddilari, Milliy kutubxona rahbariyati va xodimlari, faxriy jurnalistlar, muharrirlar, ijodkorlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Ijodiy kechada so‘zga chiqqanlar o‘zbek jurnalistikasi tarixida, shuningdek, bugungi global axborot makonida bosma nashrlarning o‘z auditoriyasini saqlab qolishi hamda ularga tahliliy ma’lumotlarni yetkazishda “O‘zbekiston ovozi” gazetasining alohida o‘rni va mavqei borligini ta’kidlashdi.
Shuningdek, davra ishtirokchilariga Axborot va ommaviy kommunikatsiyalari agentligining “O‘zbekiston ovozi” gazetasi 105 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigi yetkazildi.
➖ “O‘zbekiston ovozi” deganda mamlakatimiz milliy jurnalistikasining tamal toshi qo‘yilgan gazeta ko‘z oldimizga keladi. Hech mubolag‘asiz aytish kerakki, gazeta O‘zbekistonda bosma ommaviy axborot vositalari shakllanishi va rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan, matbuotimiz uchun yetuk kadrlarni yetkazib bergan moʻtabar dargohdir. Bugun respublikamizdagi gazeta-jurnal, teleradiokanal, axborot agentliklari va matbuot xizmatlarida “O‘zbekiston ovozi” gazetasining mahorat maktabida ta’lim olgan, tajriba oshirgan ko‘plab ijodkorlar mehnat qilayotgani buning yana bir yaqqol isbotidir, deyiladi tabrikda.
Uchrashuvda jurnalistlar, yetakchi nashrlarning bosh muharrirlari ham so‘zga chiqib, tahririyatning kelgusi faoliyatiga rivoj va muvaffaqiyat tilashdi.
Ma’lumot uchun: “O‘zbekiston ovozi” ijtimoiy-siyosiy gazetasining muassisi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi. Haftada bir marta chop etiladi.