“Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik asarlar majmuasi muallif va ijodkorlari bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi
Bugun Toshkent viloyatining Turon kutubxonasida O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasini nashrga tayyorlagan ijodkorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Yozuvchilar uyushmasi, Toshkent shahridagi Axborot-kutubxona markazlari vakillari, taniqli shoir-yozuvchilar, tarjimonlar, olimlar va ekspertlar, OAV xodimlari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbir avvalida so‘zga chiqqan Agentlik direktori o‘rinbosari Gʻ.Bozorov 100 jildlik majmua nashr etilishining Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi adabiy diplomatiyani shakllantirishdagi ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, majmuani yaratish bilan bog‘liq jarayonlar, bu borada olib borilgan ilmiy va ijodiy izlanishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
– Ushbu adabiy xazina o‘z mohiyatiga ko‘ra, nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun Turkiy tilli davlatlar orasida ilk bor ro‘yobga chiqarilgan yirik adabiy loyiha bo‘lib, yurtimizda madaniyat va san’atga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor, qardosh xalqlar va ularning so‘z san’atiga nisbatan yuksak hurmat-ehtiromi ramzi hamdir, dedi Gʻ.Bozorov so‘zi davomida.
Ma’lumot uchun: “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plami jami 1010 nafar muallifni qamrab olgan.
50 nafarga yaqin adabiyotshunos va matnshunos olimlar, adiblar, muharrir, rassomlar majmuani nashrga tayyorlash va chop etish ishlariga keng jalb etildi. Shuningdek, 100 jildlik to‘plamni tayyorlashda 200 dan ziyod tarjimon qatnashdi.
Eslatib o‘tamiz, “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik asarlar majmuasi respublikamizning barcha hududlarida taqdimot va nashr etish ishlarida ishtirok etgan ijodkorlar, mualliflar, tarjimonlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib boriladi.