«Gender – ta’sirchan jurnalistika. Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni OAVlarida qanday yoritish kerak» mavzusida trening tashkil etildi

30.08.2023, 18:19

Joriy yilning 28-29 avgust kunlari «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda gender masalalari va unga bog‘liq voqeliklarni turli ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali yoritish mezonlari yuzasidan o‘quv-trening o‘tkazildi.


Treningda Oliy Majlis Senati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, vazirlik, idora va tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlarining matbuot kotiblari, davlat va nodavlat tele- va radiokanallar, bosma va elektron OAV xodimlari ishtirok etdi.


Tadbir davomida ishtirokchilarga gender tenglik bo‘yicha davlat siyosati va konstitusiyaviy-huquqiy asoslar, gender tenglik tushunchasini aholiga tushuntirishda OAVning roli, gender muammolarini yoritishda professionallik, etika me’yorlariga rioya qilish, jamiyatda sodir bo‘layotgan jarayonlar yuzasidan gender-sezgirlik bilan materiallar yaratish, huquqiy manbalar bilan ishlash va faktcheking bo‘yicha nazariy va amaliy tushunchalar berildi.


Malakali trener, yuristlar hamda soha ekspertlari mashg‘ulotlarni interaktiv usulda, har qanday zo‘ravonlik ko‘rinishlariga oid jurnalistik materiallar tayyorlash bo‘yicha aniq manzilli tavsiyalar bilan olib borishdi.


Davlat idoralarida gender tenglik masalalari bo‘yicha mas’ullar hamda OAV vakillari ishtirokida o‘tkazilgan trening o‘z mohiyati jihatdan o‘zaro fikr, tajriba va g‘oya almashishda muhim axborot maydoni bo‘ldi.

Увеличить на0%