O‘zbekiston delegatsiyasi Moskvada bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari va Gruziya bolalar hamda o‘smirlar adabiyoti xalqaro forumida ishtirok etdi
Joriy yilning 30 avgust -1 sentyabr kunlari Moskvada Rossiya Madaniyat vazirligi va MDHga a’zo mamlakatlarning gumanitar hamkorlik davlatlararo fondi ko‘magida Rossiya davlat bolalar kutubxonasi, "Rastim chitatelya" ("Kitobxonni ulg‘aytiramiz") hamda Rossiya kitob Uyushmalari hamkorligida "Bolalar adabiyoti tilida: bolalar adabiyoti va mutolaasi sohasida hamkorlik" Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi va Gruziya bolalar-o‘smirlar adabiyoti xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum dasturidan bolalar adabiyoti, tarjimasi, illyustratsiya hamda kitob bezaklari bo‘yicha ishtirokchi davlatlar tajribasi, amaliy va nazariy bilimlar yuzasidan ma’ruzalar, taqdimotlar o‘rni olgan.
Xalqaro tadbirda MDHga a’zo davlatlardan bolalar yozuvchilari, rassom-illyustrator, dizaynerlar, kutubxonachilar, ekspertlar, shu jumladan O‘zbekiston delegatsiyasi qatorida AOKA, Milliy kutubxona va Yozuvchilar uyushmasi vakillari ishtirok etdi.
Forum doirasida tashkil etilgan turli mavzu va yo‘nalishdagi panel yig‘ilishlarida bolalar adabiyoti va mutolaasi bo‘yicha statistik ma’lumotlar, tendensiyalar hamda istiqbolli rejalar muhokama qilindi.
Shuningdek, bolalar va o‘smirlar adabiyotlari sohasida Rossiya milliy mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Uch kun davom etgan xalqaro forum bolalar adabiyoti va mutolaasini rivojlantirish, bunda nashriyotlar va kutubxonalarning ahamiyatini yanada oshirishda MDH davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynadi.