“Turkiy adabiyot durdonalari” majumuasi ijodkorlari Namanganda
AOKA, Milliy kutubxona, Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi va ko‘magida O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan respublika bo‘ylab “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasini nashrga tayyorlagan ijodkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Bugun Namangan viloyati Davlatobot tuman axborot-kutubxona markazida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Yozuvchilar uyushmasi, viloyat Axborot-kutubxona markazlari mutasaddilari, taniqli shoir-yozuvchilar, tarjimonlar, olimlar va ekspertlar va keng jamoatchilik ishtirokida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Turkiy adabiyot durdonalari” asarlar majmuasini yaratilish bilan bog‘liq jarayonlar, bu borada olib borilgan ilmiy va ijodiy izlanishlarni o‘z ichiga olgan videorolik namoyish etildi.
Shuningdek, har bir qardosh xalq adabiyotiga mas’ul bo‘lgan hamda asarlarni tanlashda, majmuaga kiritishda bevosita jonbozlik ko‘rsatgan ijodkorlar, adabiyotshunos olimlar, tarjimonlar so‘zga chiqib, “Turkiy adabiyot durdonalari”ning ahamiyatli jihatlarini e’tirof etishdi.
Bundan tashqari, Nodirabegim nomidagi axborot-kutubxona markazida "Kitob karvoni" aksiyasi doirasida viloyatdagi barcha axborot-kutubxona markazlariga majmua va boshqa ko‘plab kitoblar sovg‘a qilindi.
Uchrashuv qiziqarli suhbat va fikr-mulohazalarga boy bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, “Turkiy adabiyot durdonalari” ijodkorlari bilan ijodiy uchrashuvlar barcha viloyatlarda davom etadi.