Axborot xizmatlari xodimlari, OAV va media vakillari, uchun seminar trening o‘tkazildi
Joriy yilning 11-12 sentyabr kunlari AQSHning “Boston Globe” gazetasi muharriri Rashel Koen ishtirokida jurnalist va blogerlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoatchilik faollari, davlat idorasi va tashkilotlari matbuot kotiblari uchun trening mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Mashg‘ulotlarda davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikka shaffof, xolis va ochiq yetkazish, bunda matbuot kotiblarining media vakillari bilan faol muloqotni yo‘lga qo‘yishlari, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda keng jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Treningda xorijlik va mahalliy ekspert-mutaxassislar qatorida AOKA mutasaddi xodimi ham ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda "Ochiqlik indeksi" platformasida davlat organlari faoliyatini baholab borish, past ko‘rsatkichli idoralar bilan olib borilayotgan sa’y-harakatlar, shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitusiyada mustahkamlangan so‘z erkinligi, ochiqlik siyosatini ta’minlashda AOKA tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Amerikalik jurnalist Rashel Koen mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashda shaffoflik, axborot xizmatlarining jamoatchilikka axborot yetkazishda ochiqlik tamoyillari asosida faoliyat ko‘rsatishlari, shuningdek, so‘z erkinligi kafolatlari qonunchilik bilan himoyalanishi alohida e’tirofga sazovorligini ta’kidladi.
Shuningdek, axborot xizmatlari tomonidan korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, bunda matbuot kotiblarining yuzaga keladigan muammoli va ziddiyatli vaziyatlarni yengib o‘tishlari borasida amaliy tavsiyalarni taqdim etdi.
Treninglar yakunida tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilarga sertifikat topshirildi.