AOKAda nashriyot va matbaa korxonalari uchun seminar o‘tkazildi
Joriy yilning 14 sentyabr kuni Agentlikda nashriyot va matbaa korxonalari uchun tarjima adabiyotlarni qo‘llab-quvvatlashda moliyaviy imtiyozlardan foydalanish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda AOKA mutasaddilari, Moliya va iqtisodiyot vazirligi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi vakillari, nashriyot hamda matbaa korxonalarining rahbar va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, noshirlik va matbaa faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sub’yektlar xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga tarjima qilishda zarur xarajatlarni tijorat banklaridan imtiyozli kredit sifatida olishlari mumkin.
Bunda xususiy nashriyotlarga kreditlar foizini qoplashda, shuningdek, garov ta’minoti bo‘yicha yengiliklar berish tizimini yo‘lga qo‘yilganligi qayd etildi.
Xususan, nashriyot va matbaa korxonalari bank kreditidan foydalanganda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bazaviy me’yorlar va shartlar to‘g‘risida batafsil tushuntirish berildi.
Shuningdek, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining moliyaviy yordamlar yo‘nalishlari, taqdim etiladigan kafilliklarning maksimal umumiy miqdori va kompensatsiyadan foydalanish shartlari tushuntirildi hamda kerakli tavsiyalar berildi.
Ma’lumot uchun: bugungi kunga qadar 40 mingga yaqin turli tadbirkorlik sub’yektlari Jamg‘armaning moliyaviy yordamlaridan foydalanib kelmoqda.
Seminarda noshirlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan va ayrim bahsli masalalar yuzasidan savollarga mufassal javob olishdi.