“Baku Book Fair” IX xalqaro kitob ko‘rgazma -yarmarkasida 100 jildlik "Turkiy adabiyot durdonalari" majmuasi taqdimoti o‘tkaziladi
Joriy yilning 11-15 noyabr kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida ozarbayjon xalqining umummilliy qahramoni Haydar Aliyev tavalludining 100 yilliga bag‘ishlab, “Baku Book Fair” IX Boku xalqaro kitob ko‘rgazma–yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.
Ko‘rgazma–yarmarkada 11 ta mamlakatdan 140ga yaqin nashriyot, matbaa korxonasi hamda kitob-savdo tashkiloti, shu jumladan, O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, “O‘zbekiston nashriyoti” DUK va “Adabiyot” nashriyoti vakillari ishtirok etmoqda.
Xalqaro tadbirda mamlakatimiz uchun ajratilgan yarmarka stendda 300 dan ortiq nashr, shuningdek, 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” asarlar majmuasi ko‘rgazmasi namoyish etilmoqda.
Besh kun davom etadigan nufuzli xalqaro kitob ko‘rgazmasida O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi tomonidan "Vatan uchun jon fido etgan qahramonlar" ("Vətən üçün can fəda edən qəhrəmanlar"), "Shusha – turk dunyosining madaniyat poytaxti" (“Şuşa – Türk dünyasının mədəniyyət paytaxtı”) 5 jildlik ensiklopediya kitoblari taqdimotlari bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Vengriya davlatlarining 1010 nafar atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari jamlangan "Turkiy adabiyot durdonalari" 100 jildlik majmua taqdimoti ham o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, xalqaro tadbir dasturiga muvofiq ishtirokchilarning faoliyatini keng yoritishda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ijodiy uchrashuvlar, adabiy muloqotlar hamda madaniy–ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan.