"Turkiy adabiyot durdonalari" majmuasiga kiritilgan asarlarni boshqa tillarga tarjima qilish taklif qilindi
Joriy yilning 11-15 noyabr kunlari Ozarbayjonda Haydar Aliyev tavalludining 100 yilliga bag‘ishlab, “Baku Book Fair” IX Boku xalqaro kitob ko‘rgazma–yarmarkasi bo‘lib o‘tishi xabar qilingan edi.
Xabarda qayd etilganidek, bugun ko‘rgazma-yarmarka tadbirlari doirasida TDTga a’zo davlatlarning 1010 nafar atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari jamlangan "Turkiy adabiyot durdonalari" 100 jildlik majmua taqdimoti o‘tkazildi.
Taqdimotda O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari 100 jildlik to‘plam, uning yaratilishi, ijodiy jamoa, asarlarni tanlash, ishlash jarayonlari haqida ma’lumot berishdi.
Turkiy tilli mamlakatlar adabiy tadrijini birlashtirgan "Turkiy adabiyot durdonalari" to‘g‘risida, shuningdek, Mirza Fatoliy Oxundov nomidagi Ozarbayjon Milliy kutubxonasi direktori Karim Tohirov, O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi ma’naviy ishlar bo‘yicha kotibi Otabek Ramazonov hamda O‘zbekistondagi Ozarbayjon Milliy markazi vakili Karimmullo Mamadzodalar ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Alohida e’tirof etish joizki, taqdimotda xorijiy noshirlar va adiblar majmuaga kiritilgan asarlarni boshqa tillarga ham tarjima qilish taklifini ilgari surdi.
Tadbir davomida boshqa millat va davlatlar noshirlari hamda adiblari, ijodkorlar jamoasi majmua bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.