Kitobxonlar uchun yana bir yangi asar taqdimoti bo‘lib o‘tdi

15.11.2023, 19:00

Bugun Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulovning “Qizil va yashil” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zolari, taniqli adiblar, muharrir va noshirlar, axborot-kutubxona xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.


Taqdimotda so‘zga chiqqan asar muallifi ushbu kitobda turli yillarda yozilgan hikoya va qissalar saralab jamlanganini, ularda o‘z hayot yo‘lida real yuz bergan voqeliklar tasvirlanganini ta’kidladi.


 – Xayolimdan o‘tgan, ko‘zim bilan ko‘rib turgan voqealarni kitobxonlar bilan bo‘lishgim keldi.  Asarda keltirilgan voqealar hayotimdan bir tomchi deyish mumkin. Ular batafsil yoziladigan bo‘lsa bir necha jildlik kitob bo‘ladi, - dedi muallif Mamatqul Hazratqulov.


“Qizil va yashil” asari avvalida adibning bolalik yillari, katta hayotga, jurnalistika va adabiyot olamiga kirib kelishidagi qiyinchiliklari to‘g‘risida muallif so‘zboshi keltirilgan.


Shuningdek, kitobda  “Cho‘li iroq”, “Yomg‘ir hidi”, “Sog‘inch”, “Qizil va yashil” kabi hikoyalar va “Intizor”, “Eshiklar ochiq”, “Bir tilim qovun”, “Mehr ko‘p ko‘rguzdim...” kabi povestlar o‘rin olgan. 


Ma’lumot uchun: Kitob “Gʻafur Gʻulom” nashriyotida 1000 nusxada chop etilgan bo‘lib, 516 betdan iborat.

Увеличить на0%