“Gender-sezgir jurnalistika” soha vakillari o‘rtasida keng muhokama qilindi
Kuni kecha Toshkent shahri "Hilton" mehmonxonasida “Gender-sezgir jurnalistika” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida YeXHT vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli davlat organlarida gender masalalari bo‘yicha mas’ullar, nodavlat sektor, diplomatik korpus, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar bugungi kunda gender tenglik masalalari tobora dolzarb tus olayotganini, xususan, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning turli ko‘rinishdagi holatlari ko‘payib borayotgani, shu jumladan onlayn ta’qiblar sabab xotin-qizlarning tenglik huquqlari buzilayotganiga ko‘plab misollar keltirishib, bunday holatlarni oldini olish va yo‘l qo‘ymaslik choralarini oshirish zarurligini ta’kidlashdi.
Shuningdek, gender sezgir jurnalistika sohasida nafaqat mahalliy, balki xalqaro darajada hamkorlikni kengaytirish, bu borada tajribalar va yaxshi samara-natijalarni ommalashtirish, qonunchilikda takomillashtirilgan usullarni keng targ‘ib qilish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Davra suhbati xulosasiga ko‘ra jurnalist xotin-qizlarga nisbatan onlayn ta’qib va zo‘ravonlik jamiyatda hukm surayotgan noto‘g‘ri qarashlar sababli yuzaga keluvchi muammolarning bir qismi ekani va mazkur hodisalarga qarshi kurash jiddiy choralar ko‘rishni talab qilishi qayd etildi.