Noshirlar ishtirokida sohaga oid muammolar tahlil qilindi

24.11.2023, 19:08

Joriy yilning 23 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Milliy kutubxonasining mas’ul rahbar va xodimlari hamda noshirlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda noshirlik faoliyati bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi.


Tadbirda noshirlik sohasidagi muhim islohotlardan biri – lisenziyalash tartibi bekor qilinib, vakolatli davlat organini xabardor etish tizimi joriy qilinishi natijasida noshirlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sub’yektlar soni o‘tgan uch yilda salkam uch barobarga ko‘paygani qayd etildi. Ma’lumot uchun, bugungi kunda mamlakatimizda jami 458 ta (ularning 28 tasi davlat ulushiga ega, 430 tasi xususiy sektorga tegishli) nashriyot faoliyat ko‘rsatmoqda.


Shuningdek, chop etilayotgan kitoblar soni va tiraji ham yildan-yilga ortib bormoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2019-2023 yillarda nashriyotlar tomonidan jami 43 200 nomdagi 234 mln nusxadan ortiq adabiyot chop etilgan.


AOKA tomonidan o‘tkazilayotgan tahlillar va jamoatchilik nazorati xulosalarida ayrim kamchilik va muammolarga ham duch kelinmoqda. Ayniqsa, yangi tashkil etilgan nashriyotlarda ba’zan e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilayotgani yoki ularda faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarning malakasizligi oqibatida qonun talablarini buzish holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda. Masalan, 2019-2023 yillarda 96 ta nashriyotda chop etilgan 631 ta kitobda qonunbuzilish holatlari aniqlangan va belgilangan tartibda ushbu nashriyotlarga tegishli choralar qo‘llangan.


Muhokamalarda noshirlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish, amaldagi qonun hujjatlariga nashriyotlar xodimlari, shu jumladan, bosh muharrir, musahhih, texnik muharrirlarning huquqlari, majburiyatlarini belgilash, buning natijasida sohaning yetuk va malakali mutaxassislaridan iborat ekspertlar guruhini shakllantirish lozimligi aytib o‘tildi.


Tadbir davomida, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mas’ul xodimlari kitoblarga xalqaro ISBN raqamini berish tartibi va bu borada kelib tushayotgan ko‘plab savollar yuzasidan tushuntirishlar berishdi. Shu bilan birga, qonun hujjatlarida kitoblarning majburiy bepul nusxalarini o‘z vaqtida Milliy kutubxonaga yetkazib berilishi kerakligi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ayrim nashriyotlar tomonidan ushbu masalaga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani ta’kidlandi. 


Muhokama yig‘ilishda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakili diniy-ma’rifiy adabiyotlarni nashrga tayyorlash, xorijdan olib kirish va tarqatish bilan bog‘liq holatlar va amaldagi tartiblar haqida ma’lumot berdi.


Tadbirda bildirilgan taklif va tashabbuslar kelgusida noshirlik sohasini yanada rivojlantirishga hamda mamlakatimizda kitob mutolaasi madaniyatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Увеличить на0%