O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiyada “International strategic communication summit 23” xalqaro sammitida ishtirok etmoqda

24.11.2023, 19:17

Joriy yilning 24-25 noyabr kunlari Istanbulda Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot va kommunikatsiyalar Departamenti tashabbusi bilan “International strategic communication summit 23” xalqaro sammiti bo‘lib o‘tmoqda.

Gibrid formatda o‘tayotgan sammitda ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspert va mutaxassislar, ma’ruzachilar, bir nechta davlat delegatsiyalari, shu jumladan, AOKA, Taraqqiyot strategiyasi markazi, O‘zJOKU rahbariyatlari ishtirok etmoqda.

Tadbir avvalida, BMTning global kommunikatsiyalar bo‘yicha Bosh kotibi o‘rinbosari Melissa Flemingning videomurojaati taqdim etildi.


Shuningdek, sammitda  Turkiya Respublikasi Prezidenti Redjep Tayip Erdoganning tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaati ham eshittirildi:

"Urush, to‘qnashuv, hujum va mudofaa faqatgina frontda, jang sarhadlarida kechmayapti, balki media makonda ham avj olmoqda, buni ko‘rdik va hozir ham guvohi bo‘lib turibmiz. Biz demokratiyani buzishga, inson huquq va erkinliklarini poymol qilishga qaratilgan dezinformatsiyaning halokatli oqibatlariga qarshi birgalikda kurashishimiz kerak. Shu ma’noda men Aloqa vazirligimiz mezbonligida uchinchi bor o‘tkazilayotgan «Strategik aloqa sammiti»ni bu borada juda muhim deb bilaman", deya ta’kidladi Turkiya Prezidenti o‘z nutqida.

Shuningdek, Prezident Erdog‘an «Gibrid tahdidlarga qarshi global kurash: barqarorlik, xavfsizlik, birdamlik» shiori ostida tashkil etilgan Sammitdagi muhokamalarning samarali bo‘lishini tilab, anjumanning mazmunli o‘tishiga hissa qo‘shayotgan barcha ma’ruzachilar va mehmonlarga minnatdorlik bildirdi.


Sammit ochilish marosimida so‘zga chiqqan Turkiya Prezidenti Administratsiyasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktor, professor Faxretdin Altun gibrid tahdidlarga qarshi kurashishda tadbirning ahamiyati haqida to‘xtalar ekan: 

"Gibrid tahdidlarga qarshi turish uchun biz birinchi navbatda milliy xavfsizlik va mudofaa mexanizmlarini isloh qilishimiz, moslashuvchan va ko‘p qirrali kurash strategiyalarini ishlab chiqishimiz kerak. Dezinformatsiya yolg‘on ma’lumotlarning ko‘payishiga va ta’bir joiz bo‘lsa, haqiqat inqiroziga sabab bo‘lmoqda. Eng yomoni, haqiqat inqirozi demokratiya inqirozini keltirib chiqaradi"- deya alohida qayd etdi.


Global miqyosda tobora avj olib borayotgan qurolli to‘qnashuvlar, ijtimoiy xavflar, tahdidlar, mojaro va nizolar nafaqat iqtisodiy, balki boshqa tarmoqlarda ham inqirozlar chuqurlashuviga olib kelmoqda. Bunday tahlikali vaziyatlarda adekvat va dalillarga asoslangan keng qamroqli axborot almashinuvi tizimining tezkor va sifatli  ishlashi muammolar ko‘lamini qisman bartaraf etishga ko‘maklashishi mumkin.

Ikki kun davom etadigan sammitda davlat arboblari, soha yetakchilari strategik kommunikatsiyalar sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilib, dunyo davlatlarining axborot siyosati va dezinformatsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirib kelayotgan siyosati bo‘yicha o‘zaro fikr almashadi.

Ta’kidlash lozimki, Sammit munozara va muzokaralar uchun ishlab chiqilgan Stratcom platformasi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, joriy yilgi tadbirda 9 ta sessiya yo‘nalishida zamonaviy global media makondagi dolzarb masalalar muhokama qilinadi.

 Ma’lumot uchun: Stratcom platformasi 2021 yilda jamoatchilik va strategik aloqa sohasida global o‘zaro hamkorlik markazini barpo etish maqsadida yaratilgan bo‘lib, o‘tgan bir yil vaqt davomida davlat sektori, ommaviy axborot vositalari, akademik doiralar, fuqarolik jamiyatining instiutlari hamda xususiy sektorni strategik aloqa sohasida bir maqsad yo‘lida birlashtirishga xizmat qilib kelmoqda.

Увеличить на0%