AOKAda “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun ijrosi muhokama qilindi
Bugun 30 aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Senatorlar, qo‘mita ekspertlari, tegishli davlat organlari va tashkilotlarining masʼullari, noshirlar, matbaachilar, soha mutaxassislari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning ijrosi holati, mavjud muammolar, kamchiliklar va taklif va tashabbuslar muhokama qilindi.
Hisobotlarda taʼkidlanishicha, chet davlatlardan bosma mahsulotlarni O‘zbekiston hududiga olib kirish va tarqatish tizimi alohida normativ-huquqiy hujjat bilan tartibga solinmagan.
Oqibatda mamlakat hududiga milliy qadriyatlar, aholi mentalitetiga to‘g‘ri kelmaydigan, bolalar va o‘smirlar ongiga salbiy taʼsir qilishi mumkin bo‘lgan noshirlik va matbaa mahsulotlarining kirib kelishiga chek qo‘yilmasdan qolmoqda.
Majlisda tizimdagi boshqa bo‘shliq va amalga oshirilmagan ishlar tanqid qilindi va tegishliligicha mutasaddi organlarga ko‘rsatma berilib, ijroga yo‘naltirildi.
Shu bilan birga, qayd etilishicha, 2024 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatimizda 532 ta nashriyot faoliyat yuritmoqda. 2020 yilga nisbatan ularning soni 364 taga oshgan. Nashriyotlarning 473 tasi (89,0%) xususiy sektorga tegishli.
2022/2023 yillar mobaynida nashriyot va matbaa korxonalari tomonidan har yili o‘rtacha 7,5 ming nomdan ortiq 40 mln.ga yaqin nusxada kitob mahsulotlari nashr etilgan.
Majlisda “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning har bir moddasini amaliyotga tatbiq etish hamda sohada qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilishining oldini olish uchun tajribali noshirlar, malakali ekspert va mutaxassislar bilan hamkorlikda amaliy seminar-trening, davra suhbatlari va ijodiy uchrashuvlarni ko‘proq tashkil qilish hamda ushbu tadbirlarda, ayniqsa, yangi faoliyat boshlagan noshirlar ishtirokini kengaytirish lozimligi taʼkidlandi.