AOKA Ichki audit xizmatining joriy yil 1-yarim yillik faoliyati hisoboti bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
Bugun Agentlik direktori A.Xodjayev raisligida Markaziy apparat mutasaddi xodimlari, hududiy boshqarmalar, viloyat, tuman (shahar) AKM rahbarlari va bosh hisobchilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda 2024 yilning birinchi yarmida Agentlik Ichki audit xizmati tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijalari bayon qilindi.
Hisobotga ko‘ra, Ichki audit xizmatining 2024-yil uchun tasdiqlangan hamda “Davlat auditi” dasturiy kompleksida ro‘yxatdan o‘tgan “Yillik ish reja”siga asosan joriy yilning birinchi yarmi uchun Andijon, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan jami 21 ta tizim tashkilotlarida “Ichki audit tadbiri”ni o‘tkazish rejasi belgilangan bo‘lib, reja 100 foizga bajarildi.
Ta’kidlanishicha, Ichki audit xizmati tomonidan o‘tgan yillar davomida o‘rganishlar "Moliyaviy audit" asosida amalga oshirilgani natijasida kamomad va noqonuniy xarajatlar kabi qator moliyaviy xatoliklar aniqlangan. Ularning kelib chiqish sabablari, xato-kamchiliklarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha o‘z vaqtida zaruriy choralar ko‘rilganligi sabab, joriy yilda bu kabi moliyaviy xatoliklar sezilarli darajada kamaydi.
Biroq, shu yildan boshlab "Moliyaviy audit" bilan birga sohaviy mutaxassislarning ish faoliyati, lavozim majburiyatlarining bajarilishi kabi samaradorlik ko‘rsatkichlari ham qamrab olingan holda amalga oshirilgan o‘rganishlarda, bartaraf etilishi lozim bo‘lgan bir qator xato va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.
Yig‘ilish davomida ushbu xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, hududiy boshqarma rahbarlari va mas’ul shaxslarning hisobotlari tinglandi.