Biz davlatlar o‘rtasida axborot sohasidagi qarama-qarshilikning kuchayishi bilan tavsiflanayotgan “haqiqat inqirozi” sharoitida yashamoqdamiz – A.Xodjayev
Avvalo, barcha hamkasblarimni diyorimizda qutlashga va bugungi tadbirni tashkil etishda har tomonlama yordam bergani uchun TDT kotibiyatiga samimiy minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz. Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Media va axborot sohasi vazirlari va yuqori martabali mansabdor shaxslarining 6-yig‘ilishi hamda Media va axborot bo‘yicha ishchi guruhning 11-yig‘ilishini qabul qilish biz uchun katta sharafdir.
Ishonchim komilki, O‘zbekistonga tashrifingiz davomida siz nafaqat samarali uchrashuv va muzokaralar o‘tkazasiz, balki o‘zbek xalqining boy tarixi, madaniyati va diqqatga sazovor joylari bilan tanishish imkoniyatiga ega ham bo‘lasiz. Yana bir bor, O‘zbekistonga xush kelibsiz!
Fursatdan foydalanib, Qozog‘iston Respublikasini yaqinda bo‘lib o‘tgan Mustaqillik kuni bilan samimiy tabriklab, birodar qozoq xalqiga tinchlik-osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilayman. Shuningdek, “Turkiy davr!” shiori ostida o‘tgan Qozog‘istonning Tashkilotimizdagi samarali raisligini alohida ta’kidlamoqchiman.
Ozarbayjonlik hamkasblarimizni Boku shahrida BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi – COP29 ishtirokchilari konferensiyasining 29-sessiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklayman. Bokudagi sammit iqlim kun tartibini yanada ilgari surish hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish bilan bog‘liq tahdidlar va xatarlarni jahon hamjamiyatiga yetkazishga kuchli turtki berdi.
Bundan tashqari, qirg‘izistonlik hamkasblarimizni Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklashga ijozat bergaysiz!
O‘z nutqimda TDT doirasida axborot sohasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqidagi fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Nisbatan qisqa tarixiy davr ichida TDT SHHT, ASEAN, BRIKS va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar qatoridan munosib o‘rin egallab, keng ko‘lamli davlatlararo birlashmaga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tashkilot o‘zining 15 yillik faoliyati davomida qardosh turkiy mamlakatlarning barqarorligi va izchil taraqqiyotini ta’minlovchi omilga aylandi.
Bugungi kunda TDT davlatlari deyarli barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi va ushbu munosabatlarni yanada chuqurlashtirmoqda. Shubhasiz, madaniy-gumanitar va axborot sohasidagi hamkorlik Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashning asosiy poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
Bu, ayniqsa, jahondagi geosiyosiy ziddiyatlarning kuchayishi, mislsiz ishonch inqirozi, dunyoning turli burchaklarida yuz berayotgan davriy qarama-qarshiliklar sharoitida muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda TDT davlatlari yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlikning asl namunasiga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi!
Hurmatli hamkasblar!
Zamonaviy dunyoda raqamli texnologiyalarning rivojlanishi jamoatchilik fikri va ongini shakllantirishda ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar ta’sirining misli ko‘rilmagan darajada ortishiga olib keldi. Bu, ayniqsa, aholisining 40 foizini yoshlar tashkil etadigan TDT uchun dolzarbdir. Agar biz yoshlar bilan tizimli ravishda ish olib bormasak, ularga o‘z maqsad-muddaolarimiz va xolis ma’lumotlarimizni yetkazmasak, bizning o‘rnimizga buni boshqalar qiladi.
Shu munosabat bilan “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasi va “Turkiy dunyo xartiyasi”da televideniye, axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalarining institusional hamkorligi orqali yagona axborot va media makonni yaratish ko‘zda tutilgan.
Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash joizki, TDTda bu borada salmoqli ishlar amalga oshirildi, normativ-huquqiy va institusional asoslarni yaratish choralari ko‘rildi. Media va axborot sohasi vazirlari va yuqori martabali mansabdor shaxslarining yig‘ilishlari, OAV bilan ishlash bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi qo‘mita va boshqalar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, samarali faoliyat yuritmoqda. “2022–2023 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi” to‘liq ro‘yobga chiqarildi.
Ishonchim komilki, Turkiy respublikalar axborot agentliklarining yagona markazi, Turkiy mamlakatlar jurnalistlari uyushmasi, shuningdek, Turkiy teleradioeshittirishlarni tartibga solish organlari forumining ishga tushirilishi axborot, ilg‘or tajriba va amaliyotlar almashish sohasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Sohani rivojlantirishning eng dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish imkonini beruvchi media-forumlarni muntazam o‘tkazib borish yaxshi an’anaga aylandi. Shu ma’noda, Istanbul, Shusha, Turkiston shaharlarida muvaffaqiyat bilan o‘tkazilgan media forumlarni alohida ta’kidlagan bo‘lardim.
Media forumlar TDT doirasida ham, ikki tomonlama asosda ham o‘tkazilayotgani yanada quvonarli. Jumladan, joriy yilning sentyabr oyida ilk bor O‘zbekiston – Ozarbayjon media-forumi bo‘lib o‘tdi, uning doirasida biz qardosh mamlakatlarimiz axborot kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdik.
Mamlakatlarimiz jurnalistlari uchun muntazam ravishda press-turlar tashkil etilmoqda. Xususan, joriy yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon, O‘zbekiston va Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida press-turlar bo‘lib o‘tdi.
Albatta, bu tadbirlar hamkorlik aloqalarimizning muhim jihati bo‘lib, nafaqat jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, balki TDT doirasida turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shish orqali boy madaniy va tarixiy salohiyatni yuzaga chiqarish imkonini beradi.
Hurmatli hamkasblar!
Bugungi kunda TDT o‘ziga xos madaniy-tamaddun makonini o‘zida ifoda etadi. Bizni nafaqat geografik yaqinlik, balki umumiy tarix, til, madaniyat, an’analar va ma’naviy qadriyatlar ham birlashtiradi. O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, oldimizda ajdodlarimizning buyuk merosini yosh avlodga yetkazishdek buyuk bir vazifa turibdi.
Mamlakatlarimiz allaqachon “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli keng ko‘lamli loyihani amalga oshirib, har bir davlatning ona tilida 100 jildlik kitoblar turkumini nashr etdi. To‘plamga turkiy adabiyotning 600 dan ortiq atoqli shoir, yozuvchi va mutafakkirlarining asarlari kiritilgan. Ushbu loyiha mamlakatimizda madaniyat va san’atga katta e’tibor, qardosh xalqlar va ularning san’atiga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromdan dalolat beradi.
Biz Tashkilot mamlakatlari qardosh xalqlarni birlashtirishga qaratilgan bunday loyihalar ustida birgalikda ishlashni davom ettirishlari zarur, deya qat’iy ishonamiz.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidenti yaqinda Bishkekda bo‘lib o‘tgan TDT sammitida Turkiy xalqlar folklorining ko‘p jildlik to‘plamini Tashkilotga a’zo har bir mamlakatning ona tilida nashr etish g‘oyasini ilgari surdi. Hech shubhasiz, bu turkiy xalqlarning ming yillar davomida to‘plagan boy tarixiy o‘tmishini asrab-avaylash va yosh avlodga yetkazishga qaratilgan muhim g‘oyadir. Shu munosabat bilan ushbu muhim tashabbusni hayotga tatbiq etish bo‘yicha ishlarni tez fursatlarda boshlashni taklif etaman.
Eng muhimi, bizda hali ishga solinmagan ulkan hamkorlik salohiyati mavjud. Shu munosabat bilan, bizningcha, istiqbolli bo‘lgan ayrim hamkorlik yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tishga ijozat bergaysiz.
Birinchidan, dezinformatsiya va feyklarga qarshi kurash sohasida hamkorlik. Bugun biz davlatlar o‘rtasida axborot sohasidagi qarama-qarshilikning kuchayishi bilan tavsiflanayotgan “haqiqat inqirozi” sharoitida yashamoqdamiz, soxta yangiliklar soni jadallik bilan ko‘paymoqda, dezinformatsiya kampaniyalari olib borilmoqda.
Bunday sharoitda mamlakatlarimiz uchun yuqoridagi tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni belgilab olish va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish nihoyatda muhimdir. O‘ylaymizki, Toshkent kommyunikesining qabul qilinishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqib, kelgusidagi hamkorligimiz uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilab beradi.
Bu, shuningdek, yetakchi ijtimoiy tarmoqlar ma’muriyatlariga Tashkilot mamlakatlari ushbu muhim masalada yagona pozisiyani egallagani to‘g‘risida aniq ishora bo‘ladi.
Ikkinchidan, dezinformatsiya ko‘payib borayotgan bir sharoitda TDTga a’zo mamlakatlar ommaviy axborot vositalarida mamlakatlarimiz taraqqiyotining turli jihatlari, amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari haqida, shu jumladan, davlat tele- va radioeshittirish vositalarida muntazam ravishda reportajlar tayyorlash orqali xolis axborotni va talab yuqori bo‘lgan kontentni tarqatish amaliyotini yo‘lga qo‘yish o‘ta muhimdir.
TDT doirasidagi hamkorlikni muntazam ravishda yoritib borish birlashmamiz makonidagi davlatlar va ularning xalqlari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash yo‘lida umumiy madaniy va axborot makonini samarali shakllantirish imkonini ham beradi.
Uchinchidan, kelgusida ushbu ishlarni tashkilotga a’zo barcha davlatlarning teleradioeshittirish setkasida milliy kanallarning ishtirokini yo‘lga qo‘yish orqali kengaytirish va chuqurlashtirish lozim.
Bu, o‘z navbatida, madaniy-gumanitar aloqalar ufqlarini yanada kengaytirish, TDTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar jamiyatlari va xalqlari muloqotining yangi rishtalarini bog‘lash, turkiy madaniyatni birgalikda rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikka turtki beradi.
O‘zbekistonda mamlakat hududida efirga uzatiladigan xorijiy telekanallar ro‘yxatiga TDTga a’zo va kuzatuvchi davlatlardan 8 ta telekanal kiritildi. Xususan, ular orasidan Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya, Turkmaniston va Qirg‘iziston telekanallarini qayd etish mumkin.
Shu bilan birga, translyasiyani tashkil etishda TDTga a’zo barcha mamlakatlar uchun teng imkoniyatlar yaratish muhimdir. Shu munosabat bilan, Teleradiodasturlarni o‘zaro translyasiya qilish to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi TDT mamlakatlari teleradiokanallarini birlashmaga a’zo davlatlar hududida translyasiya qilishda teng sharoitlar yaratishga yordam beradi, deb hisoblaymiz.
Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyoda yagona axborot makonini shakllantirish bo‘yicha ishlar boshlangan va bu TDTni uzviy ravishda to‘ldirishi muqarrar. Shu bilan birga, mintaqaviy telekanalni tashkil etish masalalarini, shu jumladan, tashkiliy, huquqiy va moliyaviy jihatlarni puxta ishlab chiqish zarur, deb hisoblaymiz.
To‘rtinchidan, sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish masalasi har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Hozir biz sun’iy intellekt texnologiyasi iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, ilm-fan, tibbiyot va boshqa sohalarda faol qo‘llanilayotganini ko‘rib turibmiz. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, sun’iy intellekt innovatsiyalarni rag‘batlantirish va moddiy boyliklarni yaratish orqali iqtisodiy o‘sishga ulkan hissa qo‘shishi mumkin. 2030 yilga borib sun’iy intellekt jami global ishlab chiqarish hajmiga 12 trillion dollargacha qo‘shimcha qiymat keltirishi kutilmoqda
Shu bilan birga, butun dunyoda sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanish bilan bog‘liq xavotirlar ortib bormoqda. Sun’iy intellekt odamlarning nutqi va harakatlarini haqiqatga o‘ta yaqin shaklda taqlid qiluvchi dipfeyklar yaratishga imkon berishi hech kimga sir emas. O‘z-o‘zidan ayonki, deepfake texnologiyasining rivojlanishi dezinformatsiyani yanada faolroq tarqatish va aholining keng qatlamlarini chalg‘itish imkonini beradi.
Shu munosabat bilan, SI texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etishga mas’uliyat bilan yondashish, ulardan hayotimiz va ishimizda axloq talablariga mos, shaffof va mas’uliyat bilan foydalanishni ta’minlash juda muhimdir. O‘ylaymanki, TDT mamlakatlari ushbu masala bo‘yicha yagona pozisiyani ishlab chiqishi va uni muntazam ravishda jahon hamjamiyatiga yetkazishi kerak.
So‘zim yakunida tadbirimizning barcha ishtirokchilariga samarali faoliyat va mazmunli chiqishlar tilayman. Ishonchim komilki, bugungi forum TDTning bepoyon hududida madaniyatlararo muloqotni yanada mustahkamlash va xalqlar o‘rtasida o‘zaro tushunishni yanada yaxshilashga yordam berajak.