Ozarbayjon TDTga a’zo davlatlar axborot vazirlarining 7-yig‘ilishiga mezbonlik qiladi

19.12.2024, 19:44

Bu haqda bugun "International Hotel Tashkent”da bo‘lib o‘tgan TDTga a’zo davlatlar axborot sohasi vazirlari va yuqori martabali mansabdor shaxslarining 6-yig‘ilishi yakunida ma’lum qilindi.


Yig‘ilishda AOKA direktori Asadjon Xodjayev, TDT bosh kotibining o‘rinbosari Merey Mukajan, Ozarbayjon Respublikasi Mediani rivojlantirish agentligi ijrochi direktori Ahmad Ismoilov, Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vaziri o‘rinbosari Kanat Iskakov, Qirg‘iziston Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi boshqarma boshlig‘i Salqin Sarnogoyeva, Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasi Ommaviy diplomatiya departamenti rahbari Og‘uz Gyuner o‘z nutqlarida axborot sohasida hamkorlikni kengaytirish borasida taklif va tashabbuslarini bildirishdi.


– Zamonaviy dunyoda raqamli texnologiyalarning rivojlanishi jamoatchilik fikri va ongini shakllantirishda ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar ta’sirining misli ko‘rilmagan darajada ortishiga olib keldi. Bu, ayniqsa, aholisining 40 foizini yoshlar tashkil etadigan TDT uchun dolzarbdir. Agar biz yoshlar bilan tizimli ravishda ish olib bormasak, ularga o‘z maqsad-muddaolarimiz va xolis ma’lumotlarimizni yetkazmasak, bizning o‘rnimizga buni boshqalar qiladi.


Shu munosabat bilan “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasi va “Turkiy dunyo xartiyasi”da televideniye, axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalarining institusional hamkorligi orqali yagona axborot va media makonni yaratish ko‘zda tutilgan, dedi AOKA direktori Asadjon Xodjayev so‘zi davomida.


Yig‘ilishda Media va axborot bo‘yicha ishchi guruhning 11-yig‘ilishida bandma-band tahlil qilinib, o‘zgartish va yangiliklar bilan to‘ldirilgan "TDTning 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilangan Harakatlar rejasi"ni tasdiqlashdi.


Shundan so‘ng, Ozarbayjon delegatsiyasi tomonidan ilgari surilgan Media va axborot sohasi vazirlari va yuqori martabali mansabdor shaxslarining 7-yig‘ilishi hamda Turkiy davlatlar tashkiloti Media va axborot bo‘yicha ishchi guruhining 12-yig‘ilishini Bokuda o‘tkazish taklifi bir ovozdan ma’qullandi.

Увеличить на0%