Bokuda "Mediasavodxonlik" haftaligi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 17-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan haftalik doirasida bo‘lib o‘tgan an’anaviy "Mediasavodxonlik" III konferensiyada mutasaddi davlat va xususiy tashkilotlar, akademik muassasalar, OAV va fuqarolik jamiyati institutlari, turli muassasalarning mas’ul xodimlari, sohaga oid mahalliy va xorijiy ekspertlar, shu jumladan, AOKA Raqamli savodxonlik va mediata’limni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Tohir Umarov, O‘zJOKU rektori o‘rinbosari Nozima Murodova hamda Ozarbayjondan 500 ga yaqin ekspertlar ishtirok etdi.
Konferensiyaning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Mediani rivojlantirish agentligi ijrochi direktori Axmad Ismoilovning ta’kidlashicha, mediasavodxonlikni oshirish – bu uzluksiz jarayon bo‘lib, yetarlicha keng qamrovli va jamiyatning barcha qatlamlarini jamlaydi, davlat institutlari, OAV va jamiyat o‘rtasida sog‘lom tamoyillar hamda samarali muloqotga asoslangan kommunikatsiyani o‘rnatish, kontent ishlab chiqarishda OAVning professionalligini oshirish bu yo‘nalishda katta ahamiyatga ega.
Shu kuni konserensiya doirasida "Ta’limda mediasavodxonlik" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Ishtirokchilar raqamli texnologiyalar davrida ta’limda mediasavodxonlikni qo‘llashning dolzarbligi, uni alohida fan sifatida o‘quv dasturiga kiritish va umuman, bu sohada amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan istiqbolli loyihalarni faol muhokama qildilar.
Mediasavodxonlikni o‘rgatish o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali raqamli dunyoda yanada mas’uliyatli foydalanuvchi bo‘lishga yordam berishi, ularning ijtimoiy-madaniy salohiyatini kuchaytirishi va pirovardida o‘smirlar va yoshlarning to‘g‘ri axborotni tanlash qobiliyatini oshirish orqali jamiyatning umumiy axborot xavfsizligiga hissa qo‘shishi qayd etildi.
18-dekabr kuni Fuzuliy shahridagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktabda "Mediasavodxonlik" haftaligi doirasida Mediani rivojlantirish agentligi tomonidan 60 nafar turli sinf o‘quvchilari uchun "Mediasavodxonlik" darsi tashkil etildi.
Treningning maqsadi o‘quvchilarga axborotning mazmuni, tarqatish va iste’mol qilish, tanqidiy baholash, turli kontekstlarda foydalanish va tahlil qilish bo‘yicha bilimga ega bo‘lish qobiliyatini shakllantirishdan iborat.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Raqamli savodxonlik va mediata’limni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Toxir Umarov trener sifatida so‘zga chiqib, mediasavodxonlik nafaqat to‘g‘ri axborot manbalarini tanlashga yordam berishini, balki jamiyatning sog‘lom va mas’uliyatli fuqarolarini tarbiyalashga yordam berishini ta’kidladi. U tinglovchilarga ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan yangiliklarning haqqoniyligini tekshirish va dezinformatsiyaga qarshi kurashning turli usullari haqida amaliy ma’lumotlar berdi.