Raqamli ta’lim tizimining samaradorligi: bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ta’lim muhitining transformatsiyasi: zamonaviy o‘qitishda raqamli texnologiyalarning o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ushbu savol yuzasidan muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
AOKA direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov, bo‘lim boshlig‘i Tohir Umarov, shuningdek, AQSH, Janubiy Koreya, Xitoy, Singapur, Turkiya va boshqa mamlakatlardan taniqli olimlar, raqamli ta’lim texnologiyalari mutaxassislari, shuningdek, hududlaridan pedagoglar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda zamonaviy o‘qitish jarayonida raqamli texnologiyalarni joriy etish va ularni samarali qo‘llash orqali ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Anjumanda, shuningdek, xalqaro tajribalarni o‘rganish, raqamli o‘quv muhitini rivojlantirish hamda pedagogik yondashuvlarni transformatsiya qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan AOKA direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov raqamli ta’limni rivojlantirishda mediasavodxonlikning ahamiyati haqida to‘xtaldi:
"Bugungi kunda yoshlar, xususan, o‘quvchilarning media ta’lim olishi muhim ahamiyatga ega. Bunda ta’lim tizimlari mediasavodxonlik loyihalari, dasturlari bo‘yicha hamkorlik doiralarini kengaytirishlari lozim. Hozir o‘quvchilarning deyarli barchasida mobil qurilma mavjud va ularning hammasi Internet tarmog‘idan va ijtimoiy platformalardan foydalanadi. O‘qituvchilar kerakli axborotdan foydalanish, xabarlar bilan ishlashda tanqidiy fikrlashni shakllantirish uchun media savodxonliklarini muntazam ravishda oshirib borishlari kerak. Raqamli ta’limda sun’iy intellektning imkoniyatlarini oqilona va to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha malaka va ko‘nikmaga ega bo‘lishlari hamda bu tajribalarni o‘quvchilarga ham o‘rgatishlari zarur", dedi D.Saidjonov.
Konferensiyada YUNESKO, YUNISEF, kabi xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosidagi yondashuvlar, muvaffaqiyatli loyiha tajribalari va global ta’lim tendensiyalari haqida ma’ruzalar tinglandi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda ishlab chiqilgan startap loyihalar va robotexnikalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, AOKA va Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi o‘rtasida Anglashuv memorandumi имзоланган bo‘lib, unga ko‘ra maktab o‘quvchilarining axborot sohasiga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish maqsadida hamkorlikda "Media-klub" faoliyatini tashkil etish belgilangan.