Bugun yoshlar telefon bilan uxlab telefon bilan uyg‘onadi – Asadjon Xodjayev
Bugun Ostona Shahrida II Markaziy Osiyo media forumi o‘z ishini boshlagani haqida хабар қилинди.
Media forum ochilishida Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori A.Xodjayev, Ozarbayjon Respublikasi Mediani rivojlantirish agentligining ijrochi direktori Axmed Ismaylov, Qirg‘iz Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari Marat Tagayev, Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi Televideniye va radioeshittirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Alizoda Suxrob hamda Markaziy Osiyo davlatlari media ekspertlari, jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Tadbirda media olamining global muammolari, ustuvor masalalari, hal etilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
So‘zga chiqqan AOKA direktori Asadjon Xodjayev bugungi kunda yoshlarning Internet tarmoqlaridagi ijtimoiy platformalarda faolligi, buning salbiy va ijobiy jihatlari haqida to‘xtaldi:
Markaziy Osiyo mintaqasini nima birlashtiradi? Qanday g‘oyalar, qadriyatlar? Xalqaro hamjamiyatga nima yetkazmoqchimiz? Biz bir-birimizni o‘zaro boyitish orqali rivojlanishimiz mumkin. Albatta, ijtimoiy tarmoqlarning o‘ziga xos xususiyatlari bor. Yoshlar orasida video kontent rivojlanmoqda. O‘zbekiston aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Smartfon ularning ko‘pchiligi hayotining muhim qismiga aylangan. Hatto telefonda uxlab, telefonda uyg‘onadi, dedi Asadjon Xodjayev so‘zi davomida.
AOKA direktori nutqida ijtimoiy platformalardagi video kontentlarni yoshlarning tarbiyasiga, turizmni rivojlantirish, ta’lim tizimini takomillashtirishga yo‘naltirish lozimligini ta’kidladi.
Onlayn platformalardagi kontentlar fuqarolarimiz hayotida ta’lim va tarbiya berish funksiyasini bajarishi kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab buzg‘unchi kontentni ko‘ryapmiz. Ularning soni kamaymayapti, aksincha, ko‘paymoqda. Biz yoshlarimizni tajovuzkor, noqonuniy kontentdan himoya qilishimiz kerak. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli fuqarolarimizni ma’naviy va ilmiy jihatdan rivojlantiradigan ta’lim kontentini rivojlantirishimiz kerak, dedi Asadjon Xodjayev.
Eslatib o‘tamiz Media forum ertaga mahorat darslari bilan davom etadi.