Axborot xizmatlari faoliyatida jamoatchilik bilan aloqalar: tezkorlik, samaradorlik va global yondashuvlar

01.07.2025, 16:04

Panel sessiyaning ikkinchi qismi aynan shu mavzu doirasidagi taqdimotlar bilan davom etdi.

Panel sessiyada Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov provokatsion savollar va ziddiyatli holatlarda muvozanatni saqlash va professional javob berish usullari bo‘yicha o‘z tajribasi asosida amaliy keyslar bilan ma’lumot berdi.


Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husen Tangriyev hamda “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov "Inqirozli kommunikatsiya vaziyatlarida jamoatchilik ishonchini tiklashda tashkilotlar orasidagi o‘zaro hamkorlikning ahamiyati: strategik bayonot va umumiy pozitsiya" borasida bilim va ko‘nikmalarini bo‘lishdi. Xususan,

Inqirozli PR va Muammolarni boshqarish strategiyalari;

Institutsional o‘zaro axborot almashinuvi va vaziyatni birgalikda boshqarish;

So‘zlashuvda mutanosiblik va bir ovozli bayonot berishning o‘rni haqida batafsil tushuntirish berildi.


Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Axror Burxanov o‘z chiqishida xorijiy davlat organlarida axborot xizmati faoliyati: ilg‘or tajribalar va transformatsiyaviy yondashuvlar to‘g‘risida fikrlarini bayon qildi. Jumladan, jamoatchilik diplomatiyasi va nufuzni boshqarishda strategik mexanizmlar bo‘yicha ma’lumotlar berdi.


Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Ruxsora Masharipova "Self-menejment: shaxsiy samaradorlikni oshirish va vaqtni boshqarish texnologiyalari" taqdimotida– emotsional intellekt va stressni boshqarish; “SMART maqsad” qo‘yish, vaqtni boshqarish va vazifalarni samarali tarzda ustuvorlikka ajratish; fokus va ish unumdorligini ochib berdi.


Ijtimoiy himoya milliy agentligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Ro‘zmetova davlat xizmatlari faoliyatini targ‘ib qilish va jamiyatdagi muhim masalalarda strategik PR-kampaniyalarni shakllantirish va samaradorligini baholashning o‘ziga xos usullarini tahlil qildi.


Innovatsion rivojlanish agentligi mutbuot kotibi Muqaddas Fayazova hamda Davlat ekologiya ekspertizasi markazi Axborot xizmati rahbari Shahzoda Akramova media tadbirlarni tashkil etishda zamonaviy ivent-menejment texnologiyalari bo‘yicha taqdimot qildi.


Taqdimotda media-ivent konsepsiyasi va shakllantirish rejasi va ijtimoiy tarmoqlar orqali qamrovni kengaytirish usullari haqida bayon qilindi.


Panel sessiyada, shuningdek, Madaniyat vazirligi axborot xizmati rahbari Sirojiddin O‘sarov ham so‘zga chiqib, Axborot xizmatlari o‘rtasida faol kommunikatsiyani o‘rnatish orqali vaziyatlarga birgalikda yechim topish, tajriba almashish va malaka oshirish yuzasidan taklif-mulohazalarini bildirdi.


Milliy konferensiya doirasidagi panel sessiyalar yakuniga yetdi.


Ma’lumot uchun: Axborot xizmatlari rahbarlari o‘rtasida an’anaviy "Media-Quiz" intellektual bahsi bo‘lib o‘tadi.

Увеличить на0%