"OAV haftaligi" – muammolar muhokamasi, natija va samaralar muzokarasi
Joriy yilning 26–27-iyun kunlari Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Milliy media birlashmasi tashabbusi bilan “OAV haftaligi” tashkil etilmoqda.
Tadbirning birinchi kuni – 26-iyun kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi binosida, ikkinchi kuni– 27-iyun kuni “U-enter” innovatsion markazida bo‘lib o‘tadi.
Bugun OAV haftaligi doirasida tashkil etilgan “Zamonaviy media: muammo, yechim va istiqbollari” panel sessiyasida taniqli jurnalistika va media arboblari, soha faxriylari, axborot sohasidagi davlat organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Erkin va samimiy do‘stona ruhda o‘tgan tadbirda sohasidagi dolzarb muammolar, yechimlar va istiqbollar muhokama qilindi. Sun’iy intellekt va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, milliy kontentni rivojlantirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Eng e’tiborli jihati, panel sessiyada ishtirok etgan ko‘plab ustoz jurnalistlarga, axborot rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan mutasaddilarga O‘zJOKU "Faxriy professori" hamda "Faxriy dotsenti" unvonlari taqdim etildi.
Jumladan, AOKA direktori Asadjon Xodjayevga O‘zJOKUning "Faxriy professori" unvoni topshirildi.
AOKA direktori Asadjon Xodjayev o‘z nutqida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan qator islohotlar doirasida OAV va matbuot, so‘z erkinligi, axborot shaffofligi va xolisligini ta’minlash, qonunchilikni mustahkamlash borasidagi ishlar haqida gapirib, sohani yana-da jadal rivojlantirishda muhim taklif-tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan:
Xalqaro media standartlariga mos maxsus treninglar va tajriba almashuv dasturlarini ko‘paytirish zarur. Jurnalistlarning raqamli media, faktcheking va kiberxavfsizlik sohasidagi ko‘nikmalarini rivojlantirishni;
Blogerlar va ijtimoiy tarmoq faollarining faoliyatini qonun doirasida qo‘llab-quvvatlash, ularni davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotda faol ishtirok etishga jalb qilish;
Dezinformatsiyaga qarshi maxsus onlayn platformalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, aholini mediasavodxonlik bo‘yicha o‘qitish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, haftalik tadbirlari ertaga ham davom etadi. Dasturga muvofiq, “Oltin qalam” milliy mukofotini topshirish marosimi hamda “Birlashma kubogi” futbol musobaqasi bo‘lib o‘tadi.