Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi

Kutubxona 1870-yili may oyida Toshkent ommaviy kutubxonasi sifatida ochilgan. Fondini tashkil qilishga Xalq maorifi vazirligi, Fanlar Akademiyasi, Ommaviy kutubxona, Geografiya jamiyati, Rossiya bosh shtabi hamkorlik koʻrsatib, oʻz fondlaridan adabiyotlar sovgʻa qilishgan. 1870-yil may oyida 2200 tomdan (1200 nomdagi) ortiq kitob yigʻilib, kutubxona fondining asosi yaratilgan.

Kutubxonaning qoʻlyozmalar fondi 1917-yilda 250 tomni tashkil etgan. Bu davrda kutubxonaga Xiva va Toshkent litografiyalarida chiqarilgan birinchi litografik kitoblar xarid qilingan. Bu litografiyalar Alisher Navoiyning “Xamsa”si (1880), “Munis devoni”, XVIII asrning mashhur shoiri Soʻfi Ollohyorning “Sabotul ojiziyn” (“Ojizlar matonati”) asarlari va boshqa noyob manbalardan iborat.

1920-yili kutubxonaga Davlat kutubxonasi maqomi berildi va u keskin oʻzgardi. 1925-yilga kelib kutubxonaning fondi 140 ming jildga yetdi. 1920-yildan boshlab kutubxona Turkiston oʻlkasida chop etilayotgan nashrlarning majburiy nusxalari taqdim etilgan.

Markaziy Osiyo respublikalarining tashkil etilishi natijasida kutubxona Oʻzbekiston xalq taʼlimi qoʻmitasiga buysunadi va qayta tashkil etilgan Markaziy Osiy respublikalarida kutubxonachilik ishini tashkil etish boʻyicha amaliy yordam koʻrsata boshlaydi.

Oʻzbekiston hukumatining Qaroriga koʻra Toshkentdagi Oʻzbekiston Davlat ommaviy kutubxonasi 1933-yildan respublikaning sharq qoʻlyozmalarini saqlash Markazi deb eʼlon qilingan.

Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda kutubxonaning asosiy vazifasi kitob fondlarini toʻldirish va kengaytirishdan iborat boʻlgan. Bu vaqtda Bolgariya, Vengriya, Germaniya Demokratik Respublikasi, Polsha, Ruminiya, Chexoslovakiya kabi davlatlardan kitoblar kela boshlagan. Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya, Germaniya Federativ Respublikasi, Yaponiya va boshqa davlatlar bilan hamdoʻstlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan.

1948-yili kutubxonaga buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiy nomi berildi va muassasa 350 oʻrinli oʻquv zaliga ega boʻlgan uch qavatli yangi binoda ish boshladi. Oʻsha paytda nodir va qadimiy nashrlar boʻlimi tashkil etilib, unda 2 mingdan ortiq kitob, jumladan, 250 ta avtografli, 151 ta ekslibrisli kitoblar jamlangan edi. Ayni paytda bu fond 16 mingdan ortiq manbaga ega.

1980-yillardan fondni oʻzbek tilidagi adabiyotlar bilan boyitishga alohida eʼtibor qaratila boshlangan. Hozirda ularning soni 600 mingdan ortiq boʻlib, oʻzbek mumtoz adabiyotining Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Furqat, Muqimiy, Zavqiy kabi namoyandalari hamda zamonaviy adabiyot va ilm-fan vakillarining asarlaridan iborat.

Kutubxona tarixidagi navbatdagi muhim davr 2002-yildan boshlandi – shu yili 20-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentinig “Ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni chiqdi. Farmonning 8-bandida respublika ilmiy muassasalarilarining taklifi qabul qilinib, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kutubxonasi bilan Respublika ilmiy-texnika kutubxonasini birlashtirib, Vazirlar Mahkamasi huzurida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi tashkil etildi.

2002-yil 12-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq kutubxonaning maqomi – milliy va xorijiy adabiyotlarning asosiy davlat xazinasi, kutubxonashunoslik, bibliografiyashunoslik, kitobshunoslik sohasidagi ilmiy-tadqiqot, metodik ishlarni olib boruvchi va muvofiqlashtiruvchi ilmiy markaz etib belgilandi.

2011-yili poytaxtimizda shaharsozlik madaniyatining yana bir noyob namunasi – “Maʼrifat markazi” bunyod etilib, undan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi joy oldi.

2012-yil 20-martda qabul qilingan “Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi – axborot-resurs markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq kutubxona tuzilmasi yangilandi, uning boʻlimlari va xizmat koʻrsatish ishi takomillashtirildi, vazifalar koʻlami kengaytirildi.

Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 9-avgustdagi “Nodir, alohida qimmatli va noyob nashrlar saqlanishini taʼminlash, ularning fondini tizimli koʻpaytirish va boyitish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida axbrot-kutubxona muassasalari, muzeylar fondlarida saqlanib kelinayotgan qadimgi qoʻlyozma va noyob kitoblarni elektron formatga oʻtkazish, Milliy kutubxonada mavjud boʻlgan nodir kitoblar fondining elektron katalogi bilan qiyoslab, yoʻq kitoblarni aniqlash hamda Milliy yigʻma elektron katalogi asosida mazkur nashrlarning toʻliq matnli elektron maʼlumotlar bazasini yaratish ishlari olib borilmoqda.

Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida foydalanuvchilarga jahon andozalari darajasida xizmat koʻrsatish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, 800 oʻrinli 13 ta oʻquv zaliga axborot-kutubxona faoliyatini yuqori darajada olib borishga moʻljallangan zamonaviy asbob-uskunalar va texnik vositalar oʻrnatilgan, Wi-Fi tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Bunday sharoitlar kitobxonlar tashrifi yildan-yilga oshib borishiga imkon bermoqda.

“Oʻzbekiston”, “Adolat”, “Istiqbol”, “Jahon”, “Tafakkur” oʻquv zallarida tashkil qilingan ochiq fondlar foydalanuvchilarni kitob javonlari oralab oʻziga zarur boʻlgan kitoblarni bemalol izlashi va buyurtma berishi, shuningdek, kutubxona fondiga yangi olingan manbalar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Kutubxona tomonidan 2013-2014-yillar davomida kutubxona fondlaridagi ilmiy jihatdan boy adabiyotlarni targʻib qilish va foydalanuvchiga masofadan tezkor xizmat koʻrsatish maqsadida 7 ta texnik loyiha, jumladan, “ISBN, ISSN va UOʻK, KBK” raqamlarini berish” interaktiv onlayn xizmati, “Nodir nashr va qoʻlyozmalar maʼlumot bazasini yaratish, saqlash va aniq taqdim qilish jarayonini avtomatlashtirish”, “Milliy kutubxonaning yagona bazasi asosida kitob va jurnallarning statistik hisobotini avtomatlashtirish”, “Dissertatsiya va ilmiy ishlarning yagona bazasi”, “Shaxsiy kabinet”, “Imidj katalog” dasturlari amalga oshirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash, shuningdek, uning faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2017-yil 30-dekabrdagi qarori asosida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi Agentlik tuzilmasi tarkibiga kiritildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan Agentlikka axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha vakolatli organ maqomi berildi. Natijada Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi oldiga yangi vazifalar qoʻyildi.

Ushbu kutubxona hozirda mamlakatimizdagi barcha axborot-kutubxona muassasalari uchun muvofiqlashtiruvchi va uslubiy markaz vazifasini oʻtamoqda. Kutubxona huzurida tashkil etilgan Respublika uslubiy kengashi kutubxonalar faoliyatini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlash, alohida kutubxonalar uchun namunali nizomlar, uslubiy-bibliografik qoʻllanmalarni joriy etishga doir tavsiyalarni ishlab chiqish bilan shugʻullanmoqda.


Direktor: Teshaboyeva Umida Аlimjаnovna

Qabul kuni: Dushanbadan jumagacha, soat 8:00 – 11:00.

Manzil: Toshkent shahri, 100017, Navoiy koʻchasi, 1-uy.

Tel: (71) 232-83-92.

Faks: (71) 239-16-58.

E-mail: info@natlib.uz

Veb-sayt: www.natlib.uz 

Увеличить на0%