Inson huquqlari himoyasiga bag‘ishlangan seminar-trening tinglovchilariga sertifikatlar topshirildi

20.05.2022, 19:19
Xabar berilganidek, kecha O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida respublika darajasidagi vazirlik, idora va tashkilotlar hamda hokimliklar axborot xizmatlari rahbarlari uchun «Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosati va mazkur sohada xalqaro majburiyatlarning bajarilishi masalalari» mavzusida seminar-trening boshlangan edi.

Bugun seminarning ikkinchi kunida soha mutaxassislari ishtirokida qator dolzarb mavzular bo‘yicha ma’ruzalar, mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi. Xususan, San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqini himoya qilish palatasi raisi Boboqul Toshev «Inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilishda OAVlarning roli» mavzusida, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova «O‘zbekistonda bola huquqlarini ta’minlash — davlat siyosatining muhim yo‘nalishi» mavzusida, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i O‘tkir Ochilov «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining ijrosi» mavzusida, AOKA bo‘lim boshlig‘i Sadoqat Aslanova «Axborot jamiyatida inson huquqlarini ta’minlashda so‘z erkinligi muhim indikator sifatida» mavzusida nutq so‘zladi.


Ko‘rgazmali taqdimotlar orqali matbuot kotiblariga inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar va ularning mamlakatimiz qonunchiligiga implementatsiyasi, shuningdek, mazkur jarayonning adolatli fuqarolik jamiyatni qurishdagi roli yuzasidan tushunchalar berildi. Shuningdek, har bir vazirlik va idora media siyosatni yuritishda mas’uliyatni unutmasligi, axborot manbalari bilan ishlashda tizimlilikni ta’minlashi muhimligi ta’kidlandi. Ochiq muloqot ruhida o‘tgan mashg‘ulotlarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.


Bugun mazkur seminar-trening o‘z ishini yakunladi va tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.





Увеличить на0%