AOKA vakillari Ozarbayjondagi Xalqaro media forumda qatnashdi

25.07.2022, 18:00

2022-yil 20-23-iyul kunlari Ozarbayjon Respublikasi Shusha shahrida Xalqaro media forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir Ozarbayjon Mediani rivojlantirish agentligi tomonidan mamlakat matbuot kuni munosabati bilan ilk bor tashkil etildi. Unda Turkiya, Rossiya, Yevropa ittifoqi, Markaziy Osiyo mamlakatlarining axborot sohasi rasmiylari, davlat idoralarining yuqori martabali mutasaddilari va jurnalistlar ishtirok etdi.


Forumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjanov ham ma’ruza bilan qatnashib, tadbirning ahamiyati, ikki tomon OAVlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning muhim yo‘nalishlari xususida fikr bildirdi, shuningdek, O‘zbekistonda OAV huquqlari va so‘z erkinligini ta’minlash hamda jamiyatdagi rolini oshirish, axborot xizmatlarini takomillashtirish orqali davlat organlari faoliyati shaffofligi va ochiqligi, xalq oldida hisobdorligini yo‘lga qo‘yish borasida olib borilayotgan izchil islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.


Ma’lumki, joriy yil 20-iyun kuni Toshkentda AOKA hamda Ozarbayjon Mediani rivojlantirish agentligi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangan edi. Forum mobaynida ushbu memorandumda belgilangan vazifa va maqsadlarni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan ham tashabbuslar ilgari surildi.

Xalqaro tadbir doirasida turli jabhalardagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan dolzarb mavzular bo‘yicha muloqot sessiyalari tashkil etildi. Axborot sohasida birdamlik, hamjihatlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash muhimligi tak’idlanib, mazkur forum bu borada tajriba almashish va imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun o‘ziga xos platforma bo‘lishi qayd etildi.


Forum yakunida axborot sohasi va yuqori texnologiyali zamonaviy mediani rivojlantirishda o‘zaro hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, tajriba almashish, muloqotlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Увеличить на0%