“Tashkent Book Fest” III xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi boshlandi

02.11.2022, 15:00

Bugun "O‘zekspomarkaz"da Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining tashabbusi bilan an’anaviy o‘tkaziladigan “Tashkent Book Fest” III Toshkent xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi o‘z ishini boshladi.

Xalqaro tadbirda qator xorij va qo‘shni davlatlar, jumladan, Armaniston, Belarus, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya Federasiyasi, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiya, Hindiston davlatlaridan soha mutasaddilari, yetakchi nashriyotlar, kitob savdo tashkilotlari vakillari, mahaliy matbaa va noshirlik korxonalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va keng jamoatchilik ishtirok etmoqda.

Kitob-ko‘rgazma yarmarkasini Agentlik direktori A.Xodjayev ochib berdi. Nutqi davomida, A.Xodjayev barcha ishtirokchilarni kitobxonlik haftaligi bilan qutlash bilan birga hamkor  davlat idoralari va tashkilotlarga yaqindan ko‘maklashganlari uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.

Shuningdek, "Milliy tiklanish" DP raisi A.Qodirov, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari M.Hojimatov, Yozuvchilar Uyumasining Raisi, O‘zbekiston Xalq shoiri S. Sayyid, Belarus axborot vaziri o‘rinbosari I.Buzovskiy, Rossiya kitob uyushmasi prezidenti S.Stepashin, Turkiya kutubxona va nashrlar agentligi bosh direktori A.Odabashi, Qozog‘iston Milliy davlat kitob palatasi direktori Adil Koytanov ham so‘zga chiqib, kitobxonlikni ommalashtirish va yangi nashrlar targ‘ibotida bu kabi xalqaro haftaliklarning ahamiyati haqida to‘xtalishdi.

Shundan so‘ng, faxriy mehmonlar, mutasaddilar va haftalik ishtirokchilari kitob-ko‘rgazma yarmarkasi bilan tanishib chiqishdi. Ko‘rgazmada ishtirok etayotgan xorijiy nashriyotlar ishlash faoliyati bilan yaqindan tanishib, tajriba almashildi.

Eslatib o‘tamiz, xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi "O‘zekspomarkaz"ning 3-pavilonida 4 noyabrga qadar davom etadi.

Yarmarka doirasida xorij davlatlari va mahalliy nashriyotlarning so‘nggi yillarda chop etilgan eng sara kitoblari, noshirlik sohasidagi yangi loyihalari taqdimotlari, ijodkorlar, mualliflar, tarjimonlar, noshirlar bilan ijodiy uchrashuvlar, shuningdek, xorijiy soha mutaxassislarining inklyuziv chiqishlari o‘rin olgan.

Shu bilan birga, nufuzli xalqaro tadbirda nashr etilayotgan kitoblarning mazmun-mundarijasini boyitish, matbaa sifatini yaxshilash yuzasidan noshirlar, matbaachilar, mualliflar, taniqli olimlarning kitobxonlar bilan ochiq muloqoti tashkil etiladi.

“Tashkent Book Fest” III Toshkent xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi tadbirlari dasturi bilan ushbu havolada tanishing.



Увеличить на0%